Davlat aktivlarini xususiylashtirish va ijaraga berish tartibi soddalashtiriladi. Bu bo‘yicha tegishli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi tartibga ko‘ra, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari bo‘yida xizmat ko‘rsatish majmualari, mehmonxonalar hamda savdo-ko‘ngilochar obyektlar master-reja asosida joylashtiriladi.

Buning uchun bo‘sh yer uchastkalari elektron onlayn auksionga chiqariladi. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi qarori prezident bilan kelishilgan holda yer toifasini o‘zgartirishga asos bo‘ladi.

Soliq kodeksiga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, davlat ko‘chmas mulkini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar yer solig‘ini to‘langan summa ulushiga mutanosib ravishda to‘laydi.

Bu tartib obyektga “tasarruf etish huquqisiz” belgisi bilan davlat orderi berilgan holatlarga nisbatan qo‘llanadi.

Soliqlar xaridorning to‘lov grafigiga muvofiq undiriladi. Mazkur grafik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga axborot tizimlari orqali yuboriladi.

Qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan — 17-martdan boshlab kuchga kiradi.

O‘tgan yilning noyabrida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda sohil va yo‘l bo‘yida servisni rivojlantirish bo‘yicha 500 ta mahalla tanlab olingani taʼkidlangandi. Viloyat hokimlariga yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish, ariq va zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazib, kanal qirg‘oqlari va yo‘l chetini tekislab, tadbirkorlik loyihalari uchun sharoit yaratish topshirilgan edi.

Spot, avvalroq, poytaxt hokimligining pulli parkovkalar bo‘yicha takroriy auksion yuzasidan izohi haqida yozgandi.