18-mart kuni prezidentning “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 20-mart — juma kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan O‘zbekistonda 20-mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini hududlarda milliy an’ana va urf-odatlarga hamda Navro‘z umumxalq bayramiga uyg‘un holda nishonlash belgilandi.
Shu bilan birga, bayram kunlarida aholi o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan madaniy-ma'rifiy hamda xayriya tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda fuqarolar uchun Ramazon hayiti kunlarida ziyoratgoqlar va tarixiy joylarga ziyoratlarni tashkil etish uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratishi kerak.
Ramazon hayiti hamda Navro‘z bayrami munosabati bilan quyidagi kunlar dam olinadi:
- 20-mart (juma) — Ramazon hayiti kuni — barcha uchun dam olish kuni;
- 21-mart (shanba) — Navro‘z bayrami kuni — barcha uchun dam olish kuni;
- 22-mart (yakshanba) — dam olish kuni;
- 23-mart (dushanba) — 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun ko‘chirilgan dam olish kuni, 6 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun esa ish kuni.
2025-yilning dekabr oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan 2026-yil uchun qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangan. Unda joriy yilda ayrim bayram kunlari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgani sababli ko‘chirilishi nazarda tutilgan.
Avvalroq Bandlik vazirligi Mehnat va kasb standartlari boshqarmasi boshlig‘i Laziz Qarshiyev bayram kunlari dam olish kuniga tog‘ri kelsa, xodimlar necha kun dam olishiga izoh bergandi.