Ramazon hayiti hamda Navro‘z bayrami munosabati bilan haftada 5 kun ishlaydiganlar uchun ketma-ket 4 kun dam oladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

2026-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 20-mart juma kuniga, 21-mart — Navro‘z bayrami esa shanba — dam olish kuniga to‘g‘ri keladi.

Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, ishlanmaydigan bayram kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli, ushbu dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi.

Bayramlar munosabati bilan quyidagi kunlar dam olinadi:

  • 20-mart (juma) — Ramazon hayiti kuni — barcha uchun dam olish kuni;
  • 21-mart (shanba) — Navro‘z bayrami kuni — barcha uchun dam olish kuni;
  • 22-mart (yakshanba) — dam olish kuni;
  • 23-mart (dushanba) — 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun ko‘chirilgan dam olish kuni, 6 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun esa ish kuni.

2025-yilning dekabr oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan 2026-yil uchun qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangan. Unda joriy yilda ayrim bayram kunlari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgani sababli ko‘chirilishi nazarda tutilgan.

Avvalroq Bandlik vazirligi Mehnat va kasb standartlari boshqarmasi boshlig‘i Laziz Qarshiyev bayram kunlari dam olish kuniga tog‘ri kelsa, xodimlar necha kun dam olishiga izoh bergandi.