Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-mart kuni Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Samarqand ishsizlik, kambag‘allik, investitsiya, eksport masalalari, umuman, barcha sohada namunaviy viloyat bo‘lishi shartligi qayd etildi.

Viloyatda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun $100 mln, Urgut tumanining o‘ziga yana $50 mln ajratildi. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trln so‘m yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit uchun yana 18 trln so‘m resurs berilmoqda.

Hajmi jihatidan bu miqdordagi mablag‘ har qachongidan ko‘ra ko‘proq ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bularning barchasi tumanlarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, pirovardida viloyat iqtisodiyotini o‘stirishga xizmat qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili sun‘iy intellekt infratuzilmasiga $100 mln, ushbu sohadagi startap loyihalari uchun yana $100 mln berildi. Bu katta hajmdagi ma‘lumotlarni tahlil qilish orqali hududlarni rivojlantirish bo‘yicha eng to‘g‘ri yechimlarni topish uchun yangi imkoniyat ekani ta‘kidlandi.

Shularni hisobga olib, tumanlarning sanoat, servis, qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resursi, aholining biznes va kasbiy ko‘nikmasini sun‘iy intellekt yordamida tahlil qilish, mahallalarning imkoniyatlari asosida tumanni rivojlantirishning ichki modelini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ushbu tahlillar asosida tuman hokimi, “mahalla yettiligi”, mahalla bankirlari resurslarni eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan va budjetga tushumni ko‘paytiradigan loyihalarga yo‘naltiradi.

Bu tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida boshlanib, butun respublika uchun namuna qilinadi.

Samarqand viloyati rahbariyati oldida kamida 9% li iqtisodiy o‘sish qilib, yalpi hududiy mahsulotni 144 trln so‘mdan oshirish, $3 mlrd xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni $1,2 mlrdga olib chiqish vazifasi turgani qayd etildi.

100 ming aholini doimiy ishli qilish, 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarib, viloyatni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Narpay tumanida 240 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ishsizlik 4,9% ni, kambag‘allik darajasi esa 5% ni tashkil qilmoqda. Narpay sanoat bo‘yicha viloyatda 9-o‘rinda, qishloq xo‘jaligi va servis sohasida 11-o‘rinda turadi.

Bu ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun Narpayga reja qilingan 150 mlrd so‘mga qo‘shimcha yana 100 mlrd so‘m beriladi. Kichik va o‘rta biznes uchun 360 mlrd so‘m resurs ajratiladi.


Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqandda qiymati $7 mlrdlik 106 ta yangi loyihaga start bergandi.