Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida hududda yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir doirasida viloyatda oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va farmatsevtika, qurilish materiallari, metall va mebel sanoati sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Davlat rahbari hududning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or texnika va texnologiyalari, sanoat mahsulotlari bilan tanishdi.
Marosimda shahar va tumanlarda qariyb $7 mlrd investitsiya hisobiga 106 ta yangi loyiha ishga tushirish va qurilishga tayyor ekani haqida axborot berildi. Tadbirga videoaloqa orqali yangi qurilayotgan va ishga tushirilayotgan loyihalarning masʼullari ham ulandi.
Ushbu loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Jumladan, tog‘-kon sanoati va geologiya, qurilish materiallari, avtosanoat, kimyo sanoati, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, taʼlim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda istiqbolli obyektlar qurilishini boshlash nazarda tutilgan.
Marosimda Shavkat Mirziyoyev loyihalar ijrochilari, mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. Bu kabi loyihalar Samarqand viloyatining ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va hududda barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlashda muhim omil bo‘lishi taʼkidlandi.
Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosib, Samarqand viloyatidagi yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlab berdi.





Jumladan, Avstriya, Xitoy, BAA, Turkiya, Hindiston va Rossiya bilan hamkorlikda $2,4 mlrdlik 53 ta loyiha ishga tushdi. Shuningdek, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, BAA, Turkiya, Rossiya va Eron bilan hamkorlikda $4,6 mlrdlik 53 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 13 trln so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida $700 mlnlik eksport salohiyatini taʼminlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa viloyat sanoatini diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish va eksport geografiyasini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Shu yerning o‘zida prezidentga Narpay tumanida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va nasos stansiyalarini DXSH asosida boshqaruvga berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar taqdimot qilindi.
Narpay tumanidagi 8 ta nasos stansiya DXSH asosida xususiy sektorga berilgan. O‘tgan davrda 21 ta nasos agregatlari 12,3 mlrd so‘m investitsiya kiritish hisobiga yangilangani natijasida yillik energiya iste‘moli 68,1 mln kilovatt-soatdan 34,1 mln kilovatt-soatgacha kamaytirishga erishildi.
Samarqand viloyatining suv xo‘jaligiga yangi ilmiy yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu borada ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta‘minlash maqsadida viloyat hokimiga ilmiy maslahatchi biriktirilmoqda. Shuningdek, sohada dual ta‘lim yo‘lga qo‘yilib, 72 nafar talabaning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, gidrotexnika va gidroenergetika, kadastr va ekologiya yo‘nalishlarida 6 oylik uzluksiz amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari bu ishlarni izchil va tizimli davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev yangi Hyundai Rotem poyezdida Samarqanddan Narpayga borgani haqida yozgandi.




