Telegram so‘nggi bir sutkada 114 348 ta kanal va guruhni bloklagan. Bu haqda messenjer saytida ma’lumot berilgan.

Qaysi kanallar bloklangani ochiqlanmagan. Qayd etilishicha, ilova har kuni o‘n minglab guruh va kanallarni yopadi hamda foydalanish qoidalarini buzgan kontentni o‘chiradi.

Bular qatoriga zo‘ravonlikka undovchi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalarini o‘z ichiga olgan materiallar hamda noqonuniy tovarlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi kanallar kiradi.

Mart oyining dastlabki 18 kunida platformada jami 1 547 231 ta hamjamiyatga kirish cheklangan, shundan 9439 tasi terrorizm bilan bog‘liq bo‘lgan.

2026-yil boshidan beri bloklangan hamjamiyatlar soni 10 186 435 taga yetdi, jumladan 41 619 ta terroristik yo‘nalishdagi kanal mavjud.

2024-yil boshida esa bu sa’y-harakatlar sun’iy intellektga asoslangan moderatsiya vositalari bilan yanada kuchaytirildi.

Telegram 2025-yilda platforma siyosatini buzgan kanallar va guruhlarni 2024-yilga nisbatan qariyb 2,7 barobar ko‘proq bloklagan.

Messenjer veb-saytidagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, jami 44,085 mln kanal va guruh bloklangan.

Eng ko‘p bloklashlar to‘rtinchi chorakka to‘g‘ri kelgan — 17,416 mlndan ortiq, bu 2024-yil davomida o‘chirilgan barcha hamjamiyatlarning umumiy sonidan oshib ketgan.

Bloklashlar bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini o‘z ichiga olgan 950 mingdan ortiq kanal va guruhlarga (+28,02%), shuningdek, terroristik yo‘nalishdagi 234 mingga yaqin jamoalarga (+66,6%) ta’sir ko‘rsatdi.


Avvalroq Telegramda navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgani haqida xabar berilgandi.

Xususan, shaxsiy chatlarda nusxa olishni taqiqlash, guruhlardagi a’zo teglari, suratlardan stikerlarni darhol yaratish hamda boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.