Avvalroq joriy yilning 1-aprelidan boshlab ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdi jarayonlari eskrou-hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Markaziy bank eskrou tizimi orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha xizmatlar uchun undiriladigan komissiyalar haqida ma’lumot berdi.

Bunda ushbu xizmatlar uchun olinadigan haq quyidagicha belgilanadi:

  • Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi uchun — BHMning 50%i (206 ming so‘mgacha);
  • Avtomobillar uchun — BHMning 25%i (103 ming so‘mgacha).

Agar xaridor va sotuvchining hisobvaraqlari bitta bankda bo‘lsa — xizmat haqi bir marta undiriladi. Agar ular turli banklarda bo‘lsa, komissiya miqdori banklar o‘rtasida teng taqsimlanadi, ya’ni har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.

Shu bilan birga, agar bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ xaridorga qaytariladi.

Markaziy bank ushbu belgilangan maksimal komissiyalar faqat davlat ulushi mavjud bo‘lgan 9 ta bankda amal qilishini eslatib o‘tdi. Ular ushbu cheklangan tariflar asosida xizmat ko‘rsatadi. Boshqa tijorat banklarida esa komissiya miqdori bankning ichki tarif siyosatiga muvofiq belgilanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, to‘lovlar eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi va notariuslar shartnomani banklardan olingan elektron ma’lumotlar asosida tasdiqlaydi. Mablag‘lar avval eskrou hisobiga kiritilib, bitim rasmiylashtirilgach sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Xaridorning bank kartasi yoki boshqa hisobvaraqlari ham eskrou hisobvaraq sifatida qo‘llanishi mumkin.

Naqdsiz hisob-kitob

2024-yilning aprel oyida e’lon qilingan prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qarori loyihasi bilan ulgurji savdoni to‘liq naqd pulsiz hisob-kitobga o‘tkazish taklif qilingandi.

Loyiha bilan 2024-yilning 1-mayidan uy-joy, ko‘chmas mulk va avtomobil savdosi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirilishi belgilanib, mazkur operatsiyalar doirasida komissiya to‘lovlari bekor qilinishi nazarda tutilgandi.

2025-yilning iyun oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgani, u naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirishga qaratilganini ma’lum qildi.

Dekabr oyiga kelib prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagandi. Unda 1-apreldan avtomobil va ko‘chmas mulk uchun to‘lovlar faqat naqd pulsiz amalga oshirilishi belgilangandi.

Avvalroq Toshkentdagi uy-joylarning o‘rtacha narxlarini onlayn kuzatish imkoni yaratilishi haqida xabar berilgandi.