O‘zbekistonda birinchi kosmonavtni tanlab olish bo‘yicha umummilliy tanlov e’lon qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 18-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida O‘zbekkosmos agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

O‘zbekkosmos vakili dunyoda faqat ikkita kosmik stansiya mavjudligini ma’lum qildi: Xalqaro kosmik stansiya (XKS) va Xitoyning Tyangun kosmik orbital stansiyasi.

Texnologik nuqtai nazardan uchta davlat kosmonavtlarni uchirishi mumkin: AQSH, Rossiya va Xitoy. Ular kosmonavtlar tayyorlash markazlariga ham ega. AQSH va Rossiya koinotga parvoz qilish uchun XKSdan, Xitoy esa Tyangun orbital stansiyasidan foydalanadi.

XKS 1998-yildan hozirgi kunga qadar ekspluatatsiya qilinmoqda. Stansiyaning xizmat muddati 2030-yilgacha mo‘ljallangan. XKSda doimiy ravishda 6 nafar kosmonavtdan iborat ekipaj faoliyat yuritadi, ingliz va rus tillari esa ishchi tillar hisoblanadi.

Uchta moduldan iborat Xitoyning Tyangun stansiyasi 2021-yilda ishga tushgan. Stansiyada doimiy ravishda uch nafar kosmonavt (taykonavt) bo‘ladi. Ishchi til — xitoy tili.

Kosmosda quyidagi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgan: tibbiyot va biologiya, o‘simliklar genetikasi va materialshunoslik. “O‘zbekkosmos” mahalliy va xorijiy muassasalar bilan birgalikda 1−2 yil ichida ilmiy dastur ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Kosmonavtning taxminiy kun tartibi:

  • 07:00−07:30 — Yer bilan aloqa (rejalashtirish);
  • 07:30−12:30 — tadqiqotlar;
  • 13:00−15:00 — jismoniy mashqlar;
  • 15:00−18:00 — tadqiqotlar;
  • 18:00−18:30 — Yer bilan aloqa (hisobot);
  • 19:00−22:00 — shaxsiy vaqt;
  • 22:00−06:00 — uyqu.

Birinchi kosmonavt erkak ham, ayol ham bo‘lishi mumkin. Nomzodlarni saralash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi: oliy ma’lumot, 27 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan yosh, 160 sm dan 190 sm gacha bo‘lgan bo‘y, 50 kg dan 95 kg gacha bo‘lgan vazn, shuningdek, xorijiy tillarni bilish (XKS uchun — rus va ingliz tillari, Tyangun stansiyasi uchun — xitoy va ingliz tillari).

“Bizning rejamizda — umummilliy tanlov o‘tkazish. Uning doirasida potensial ravishda har bir fuqaro belgilangan talablarga javob bergan taqdirda ishtirok etishi mumkin”, — dedi Muhiddin Ibragimov.

Nomzodlar tibbiy ko‘rikdan, psixologik va psixofizik testlardan, shuningdek, intellektual salohiyati va jismoniy tayyorgarligi bahosidan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Shundan so‘ng saralab olingan nomzodlar sinovning ikkinchi bosqichini topshirish uchun xorijga yuboriladi. Natijada atigi 3−4 nafar nomzod qoladi va ular orasidan prezident bilan maslahatlashuvdan keyin yakuniy tanlov o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng ular parvozga tayyorgarlik bo‘yicha 10−12 oy davom etadigan mashg‘ulotlarni boshlaydi. XKSga parvoz uchun mashg‘ulotlar AQSH, Yaponiya va Germaniyada, Xitoyga parvoz uchun esa Pekindagi kosmonavtlarni tayyorlash markazida o‘tkaziladi. Bundan tashqari, parvoz oldidan 1−2 oylik karantin ham nazarda tutilgan.

Parvozning o‘zi 10−14 kun davom etadi, shundan so‘ng kosmonavt ikki haftadan bir oygacha reabilitatsiyadan o‘tadi. Shundan keyingina u O‘zbekistonga qaytishi mumkin bo‘ladi. Butun jarayon davomida O‘zbekkosmos u bilan audio va videoaloqa orqali aloqada bo‘ladi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, hukumat komissiyasi tuzilib, uning tarkibida ikki yo‘nalishda ishchi guruhlar tashkil etildi. Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bayramdan keyin o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ustuvor yo‘nalishlar orasida moliyalashtirish manbalarini aniqlash, xalqaro hamkor bilan shartnoma imzolash, tanlov e’lon qilish va nomzodlarni tasdiqlash, ilmiy dasturni tasdiqlash kabilar bor.

2025-yil dekabr oyida prezident Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan yillik murojaatida sun’iy yo‘ldosh yaratish hamda birinchi o‘zbek kosmonavtini orbitaga chiqarish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.


Avvalroq Spot Ilon Mask va Jeff Bezos O‘zbekistonga taklif etilishi haqida yozgandi.

O‘zbekkosmos ularga 2028-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro astronavtika kongressiga tashrif buyurish uchun taklifnoma yuboradi.