2025-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda kriptoaktivlar aylanmasi $2 mlrddan oshdi. Bu haqda 18-mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

“2025-yil yakuniga ko‘ra, bu [kriptoaktivlar aylanmasi] rasman $2 mlrddan ortiq”, — dedi u.

ILMA rahbarining birinchi o‘rinbosari kriptosferadagi noqonuniy faoliyatga qarshi kurashish haqidagi savolga javob berar ekan, o‘tgan yili 3−4 ta xorijiy platforma jarimaga tortilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular jarimani to‘lashga rozi bo‘lgan, biroq nomlarini aytmaslikni so‘ragan.

2025-yilda regulyator 3 mingdan ortiq manbani, jumladan, noqonuniy kriptoplatformalar, marketpleyslar, bukmekerlik idoralari va onlayn-kazinolarni bloklashni so‘ragan. Shuningdek, ILMA huquqni muhofaza qilish organlariga tegishli ma’lumotlarni yuboradi.

2024-yilda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak Spot nashriga bergan intervyusida mamlakatda kriptoaktivlar aylanmasining keskin o‘sishi kuzatilayotganini va umumiy hajmi $1 mlrddan oshganini aytgandi.

Mamlakatda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida 21 ta xizmat provayderi faoliyat yuritadi: ularning 12 tasi — kripto-do‘kon, 6 tasi — kripto-depozitariy va 3 tasi — kripto-birja. Kripto sohasida jami 207 ta ish o‘rni yaratilgan.

Xizmat provayderlari shu vaqtga qadar 663 691 nafar mijozni ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lib, ularning 661 850 nafari rezidentlardir.

2022−2025-yillar oralig‘ida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar 107 mlrd so‘mdan ortiq to‘lov qildi. Shundan 79 mlrd so‘mni davlat boji, 28 mlrd so‘mni esa oylik yig‘imlar tashkil etdi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda tashqi va chakana savdoda kriptovalyuta to‘lovlari sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.

Buning uchun blokcheynga asoslangan to‘lov tizimi yaratiladi. Steyblkoinlardan foydalanish tranzaksiyalarni tezlashtiradi va arzonlashtiradi.