Toshkent shahrida isitish mavsumi bosqichma-bosqich yakunlanmoqda, deb xabar berdi hokimlik matbuot xizmati.
Hokimlikka ko‘ra, poytaxtda bir necha kundan buyon havo harorati mo‘tadil darajada saqlanib turishi markazlashtirilgan isitishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish imkonini beradi.
Hokimlik isitish mavsumini yakunlash to‘g‘risidagi qaror ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda “puxta o‘ylab” qabul qilinganini bildirdi.
Aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida Ramazon hayiti hamda Navro‘z bayrami kunlari issiqlik ta‘minoti saqlab qolinadi. Havo haroratining ayni damda barqarorlashganini hisobga olib, shahar isitish davrini rejali yakunlashga o‘tmoqda.
Isitish mavsumini yakunlash 24-martdan boshlanishi rejalashtirilgan. U bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
“Bunday yondashuv turar joy binolarida haroratning keskin o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymaydi hamda muhandislik tizimlarining barqaror ishlashini ta‘minlaydi”, — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, mavsumni yakunlashga o‘tish kommunal infratuzilmaga tushadigan yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, xavfsizlikni ta‘minlash maqsadida shahar xizmatlari bayram kunlari kuchaytirilgan tartibda ishlashni davom ettiradi. Ob-havo sharoiti va issiqlik ta‘minoti tizimlarining faoliyati doimiy kuzatib boriladi hamda zarurat tug‘ilganda tezkor chora ko‘rish uchun shay holat ta‘minlanadi.
Poytaxtda isitish mavsumi 2025-yilning 3-noyabridan boshlangan edi. Bunda ushbu sanadan boshlab ijtimoiy obyektlarda, 5-noyabrdan boshlab esa turar joylarda markazlashgan issiqlik ta’minoti yo‘lga qo‘yilgandi.
Avvalroq 6-apreldan Toshkentning bir qator hududlarida issiq suv vaqtincha o‘chirilishi haqida xabar berilgandi.