Dalerxon Nodirov IT Park Ventures direktori etib tayinlandi, deya xabar berdi venchur fondi matbuot xizmati.

Ushbu tayinlov “fondning strategik yo‘nalishini izchil davom ettirish, uning salohiyatini kuchaytirish va startap-ekotizim rivojiga qo‘shayotgan hissasini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotiga venchur investitsiyalarini jalb etish"ga qaratilgan.

O‘tgan hafta IT Park Ventures kompaniyasining avvalgi direktori Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori lavozimiga tayinlandi.

Bungacha Dalerxon Nodirov 2022−2024 yillarda u AloqaVentures tarkibida faoliyat yuritib, investitsiya portfelini shakllantirish va startap ekotizimini rivojlantirishda ishtirok etgan.

2024−2026 yillarda IT Park Ventures’da investitsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib, fondning asosiy investitsiya yo‘nalishlarini boshqargan.

2026-yilda esa M&A yo‘nalishi bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettirgan.

Fond haqida

2025-yil yakunlariga ko‘ra, IT Park Ventures portfelida 15 dan ortiq mamlakatni qamrab olgan qariyb 70 ta startap mavjud.

Portfel gibrid model asosida shakllantirilgan: 38 ta loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar orqali qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, yana 30 ta startap xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan akseleratsiya, go-to-market va scale-up dasturlari orqali, equity-for-participation modeli asosida portfelga kiritilgan.

Fond FinTech, EdTech, SaaS va AI kabi ustuvor texnologik yo‘nalishlarga investitsiya kiritadi.


Avvalroq Spot xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalari bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkazilishi haqida yozgandi.

Tanlov 10 ta yo‘nalish o‘tkazilib, har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 mln so‘mgacha grant beriladi.