2025-yilning to‘rtinchi choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 40% ga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori bo‘yicha sharhida keltirilgan.

Bu davrda mehnat muhojirlari tomonidan mamlakatga jo‘natilgan pul o‘tkazmalari miqdorining mavsumiy pasayishi kuzatilgan bo‘lsa-da, ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 39,8% ga o‘sib, $5 mlrdni tashkil etdi.

Markaziy bank o‘sishni asosan Rossiya va Osiyo mintaqasidan jo‘natilgan pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sishi bilan izohladi. Ushbu mintaqalardan yuborilgan o‘tkazmalar hajmi oktabr-dekabr oylarida 2024-yilning mos davriga nisbatan 43 va 39% ga o‘sgan.

Shu bilan birga, bu davrda AQSH va Boltiq davlatlaridan transfertlar o‘sishi barqarorlashdi, Yevropa va boshqa mintaqalardan esa o‘tkazmalar o‘sishi pasaydi.

markaziy bank, mehnat bozori, pul o‘tkazmalari, mehnat migratsiyasi

2025-yilda aholining tashqi mobilligi va migratsiyasi sezilarli o‘sishi bir tomondan pul o‘tkazmalari oshishining turli mintaqalar kesimida diversifikatsiyalanishida, boshqa tomondan esa xorijga chiqib ketgan fuqarolari sonining sezilarli o‘sishida kuzatilgan. Asosan turizm va qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida chet elga chiqqanlar soni 22,2% ga (1,4 mln nafar) o‘sgan.

Ayrim davlatlardagi barqaror makroiqtisodiy vaziyat hamda yuqori daromadlar natijasida ularda yuqori migratsiya oqimi saqlanib qolmoqda. Xususan, Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston rezidentlari soni 4,3% ga o‘sib, 98,9 mingtani tashkil etdi. Turkiyada o‘zbekistonliklar uchun berilayotgan yashash ruxsatnomalari soni (+10,7%, 64,1 ming) hamda doimiy bo‘lmagan migrantlar oqimining (+18,8%, 13,7 ming) sezilarli o‘sishi kuzatildi.

Umuman, tashqi bozorlarda, ayniqsa migrantlarning salmoqli qismi faoliyat yurituvchi davlatlarda kuzatilayotgan so‘nggi tendensiyalar va boshqa davlatlarda mehnat muhojirlariga bo‘lgan talabning o‘sishi hamda muhojirlar geografik tanlovining o‘zgarib borishi mehnat migratsiyasini sezilarli kengaytirmoqda.

2025-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 27,2% ga oshib, $18,9 mlrdni tashkil etdi. Bunga asosan rubl kursining mustahkamlanishi va migrantlar oqimining ko‘payishi ta’sir qildi.

Oylik kesimda yil davomida o‘tkazmalar hajmi deyarli barcha oylar bo‘yicha oldingi yilga nisbatan yuqori darajada shakllandi. Shu bilan birga, noyabrda transfertlarning oylik miqdori ($1,48 mlrd) keskin qisqargan bo‘lsa, dekabrga kelib biroz o‘sish kuzatildi — $1,59 mlrd.

Avvalroq Spot dollarning so‘mga nisbatan kursi 13 so‘m 21 tiyinga oshib, 12 192,06 so‘mni tashkil etgani haqida yozgandi.