Avvalroq prezident raisligida 18-mart kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda davlat rahbari Qo‘shrabot tumaniga alohida to‘xtalib o‘tdi. Tumanning tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 60 mlrd so‘m ajratilmoqda.
Oqtepa hududidagi 5 ta mahallada 3 ming xonadon uzum yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Oqchopsoy hududida o‘rmon fondidagi 700 gektar yer bo‘sh turibdi.
Tuman rahbarlariga ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish, joriy yilda 300 gektarda in-vitro uzumzor, 800 gektarda intensiv tokzor tashkil etish, 3,5 ming gektar uzumzorni shpalerga o‘tkazish, 18 ta mahalla aholisini uzumchilikka o‘rgatish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanining infratuzilma bor joylaridagi 12 ta traktor parkining 8 gektar yeri bo‘sh turgani, Bo‘ston-1 nasos stansiyasi ta‘mirlansa, 1 ming gektarda suv ta‘minoti yaxshilanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, hokimlik zaxirasidagi 830 gektar paxta va g‘alla yeri 3−4 oydan beri auksionda turgani, bu yerlarni odamlarga qulay shartlarda taklif qilish mumkinligi qayd etildi.
Umuman, Narpay, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi tumanlari, Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi jami ulushi bor-yo‘g‘i 10% ni tashkil qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Ularda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha dastur qilinib, 1,2 trln so‘m ajratiladi. Bu mablag‘larning 800 mlrd so‘mi sanoat loyihalarini zarur infratuzilma bilan ta‘minlashga, qolgan 400 mlrd so‘mi yo‘l, suv, elektr ta‘minotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.
Ushbu mablag‘ doirasida Kattaqo‘rg‘on shahridan 40 kilometr masofadagi Ingichka shaharchasiga sanoat va Yangi O‘zbekiston qiyofasi kiradi. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahri markazidagi Narpay kanalidan o‘tgan, 60 yil oldin qurilgan ko‘prik ham rekonstruksiya qilinadi.
Joriy yil Samarqand viloyatiga 500 ta elektrobus olib kelish choralarini ko‘rish topshirildi.
Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida sanoat va servisni rivojlantirish, yangicha qiyofa olib kirish vazifasi qo‘yildi.
“Ko‘rib turibsizlar, dunyodagi notinchliklar tufayli logistika zanjirlarining uzilishi, neft narxi va transport xarajatining oshishi oziq-ovqat narxlariga ta‘sir qilishi tabiiy.
Shu bilan birga, 100 mlnga yaqin turist sayohat uchun tinch va xavfsiz mamlakatlarni qidirmoqda. Bu sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, turizm va servisdagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish hokimlarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerak", — dedi prezident.
Viloyatdagi 250 ming gektar yaylov uzoq yillar foydalanib kelgan chorvadorlarni o‘ziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgani qayd etildi. Viloyatda yana 52 ming gektar yerdan foydalanayotgan 150 nafar chorvador, 1 ming boshdan naslli qo‘y-echki boqish istagini bildirgan yuzlab tadbirkorlar bor.
Shu bois, yaylov yerlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish muddati yana bir yilga uzaytirilishi belgilandi. Endilikda yaylov ijarasidan tushgan mablag‘ to‘lig‘icha yaylov xo‘jaliklarining o‘zida qoladi.
Kecha prezident matbuot xizmati Samarqandga 250 ta yangi elektrobus xarid qilish uchun YTTBdan $120 mln jalb qilinishi haqida xabar bergandi.
Spot, avvalroq, Toshkentdan Chorvoqqa mavsumiy avtobus qatnovi 23-martdan boshlanishi haqida yozgandi.