Toshkentda besh nafar shaxs ijaraga olingan uylarni qalbaki hujjatlar asosida sotishga uringani fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, 1992-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs yana to‘rt nafar sherigi bilan jinoiy guruh tuzgan.
1980, 1997, 1994 va 2000-yillarda tug‘ilgan ushbu shaxslar poytaxtda fuqarolarga tegishli uylarni ijaraga olib, uy egalari bexabar holda hujjatlarni qalbakilashtirib, ularni uchinchi shaxslarga sotish bilan shug‘ullanib kelgan.
Ular Mirobod tumanida joylashgan, 95 kvadrat metrli xonadonni har bir kvadrat metrini $1300 dan baholab, mijoz bilan og‘zaki kelishuvga erishgan.
Keyinchalik Yakkasaroy tumanidagi notarial idorada turar joyni rasmiylashtirish jarayonida gumonlanuvchilar $110 mingni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olindi.
Spot, avvalroq, Toshkentda FVB xodimi, Farg‘onada esa Energosavdo muhandisi ushlangani haqida yozgandi.