Hukumatning respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyunga qadar ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus chiqindi quti (konteyner)lari tashkil etiladi. Ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Har bir tarkibiy bo‘linmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.
1-maydan tashkilotlarda kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15% ga kamaytirilib rejalashtiriladi.
Printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi.
Har oyda 1 marotaba “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasi o‘tkaziladi.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi Samarqandda $500 mlnga qog‘oz zavodi qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.