Raqamli texnologiyalar vazirligi internetda O‘zbekistonning virtual mobil raqamlari sotilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Bundan avval bir qator OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar xorijlik foydalanuvchilarga +998 kodli raqamni sotib olishni taklif qilayotgan saytga e‘tibor qaratgan edi. Platformada, jumladan, hali rasmiy sotuvga chiqarilmagan seriyalardagi kombinatsiyalar ham bor.
Xabarlarga SMSfast virtual raqamlarini sotish saytining skrinshotlari ilova qilingan, deb ta‘kidladi vazirlik. Mazkur servisda O‘zbekiston raqamlari bilan bir qatorda, ko‘plab davlatlar, jumladan AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, BAA, Portugaliya, Vetnam va boshqa davlatlarning virtual raqamlari ham mavjud.
Platformadagi virtual raqamlardan faqat qisqa muddatga — ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochtalar hamda boshqa turdagi elektron platformalarda ro‘yxatdan o‘tish uchun qo‘llanadigan bir martalik maxsus kod (OTP) olish uchun foydalanish mumkin.
Platformadan xarid qilingan raqamlardan telefon sifatida yoki internet xizmatlaridan foydalanish uchun foydalanib bo‘lmaydi. Raqamli texnologiyalar vazirligi virtual raqamlar servislari fuqarolarning shaxsiy ma‘lumotlariga kirish imkonini bermasligini alohida ta‘kidladi.
“Ta‘kidlash lozimki, axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida barcha mobil aloqa operatorlari tarmoqlarida raqamlarni o‘zgartirish (soxtalashtirish) holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi joriy etilib, doimiy takomillashtirib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Raqamli texnologiyalar vazirligi soxta raqamlar yordamida ijtimoiy tarmoqlar va boshqa onlayn platformalarda feyk akkauntlar yaratish muammosi mavjudligini tan oldi.
Yanvar oyida qabul qilingan telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishning yangi qoidalari fuqarolar nomiga ularning ishtirokisiz raqam ro‘yxatdan o‘tkazilishiga qarshi choralarni nazarda tutadi. Ular 28-apreldan kuchga kirgach, operatorlar shartnomalar tuzishda abonentlarni Face ID orqali identifikatsiya qilishlari kerak bo‘ladi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi fuqarolar o‘z nomlariga ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha mobil raqamlarni Yagona portal dagi “Mening raqamlarim” xizmati orqali tekshirishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.
Pressuzb Telegram-kanali ma‘lumotlariga ko‘ra, SMSfast va shunga o‘xshash servislar orqali hujjatlar va boshqa identifikatsiya vositalarini taqdim etmasdan O‘zbekiston raqamini “ijaraga olish” yoki sotib olish mumkin. Bu raqamlar Telegram, WhatsApp, bank servislari va boshqa platformalarda ro‘yxatdan o‘tishda SMS-kodlarni olish uchun ishlatiladi.
Ba‘zi saytlar raqamlarni “bo‘laklab” — masalan, faqat Facebook yoki Google‘da ro‘yxatdan o‘tish uchun sotib olishni taklif qiladi. Ta‘kidlanishicha, bir qator yirik servislar mobil raqamlar bilan bir qatorda virtual biznes-raqamlar sifatida Toshkent shahar raqamlarini (71 prefiksi) ham taklif etmoqda.
Bloger Shuhrat Qurbonovning qayd etishicha, SMSfast platformasidagi raqamlarni “hech qanday hujjatlarsiz, dunyoning istalgan nuqtasidan” sotib olsa bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, virtual servislar tomonidan taklif qilinayotgan ba‘zi raqamlar ayni vaqtda real tarmoqda ham faol bo‘lishi mumkin.
Avvalroq mobil aloqa abonentlari telefon raqamlarini bir yilgacha bepul saqlashlari mumkinligi haqida xabar berilgandi.