O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 70 mlndan oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Joriy yilning 1-mart holatiga ko‘ra, muomaladagi bank plastik kartalari soni jami 70 mln 951 ming 598 tani tashkil etdi. Bir oyda kartalar 1 mln 719 257 taga ko‘paygan.

Banklar kesimida eng ko‘p bank kartalari Xalq banki tomonidan muomalaga chiqarilgan — 11,1 mln. Bu jami ko‘rsatkichning 15,6%ini tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinda Agro Bank (6,63 mln) hamda Uzum Bank (6 mln) turibdi. Kuchli beshlikni esa Ipoteka-bank (5,44 mln) hamda Anorbank (4,36 mln) yakunladi.

Bundan tashqari, bir oyda o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 6 173 taga oshib, jami 439 462 tani tashkil etdi. O‘z navbatida, yanvar-fevral olarida ular orqali tushgan tushumlar 82,9 trln so‘mdan ortiqqa yetdi. Biroq fevral oyida tushum 2,3% ga biroz qisqargan.

Shuningdek, banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan o‘rnatilgan bankomat va infokiosklar soni bir oyda qariyb 3 mingtaga oshib, 45 311 taga yetdi. Shundan 58% dan ortig‘i to‘lov tashkilotlarining bankomat hamda infokiosklari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Spot fuqarolar o‘z nomiga ochilgan bank kartasi va SIM-kartalar sonini onlayn tekshirishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi. Dekabrgacha Yagona portalda karta va raqamlarni tekshirish hamda ularni yopish uchun ariza berish imkoni yaratiladi.