AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha 2026-yilgi FIFA Jahon chempionati tarixdagi eng yirik turnirga aylanishi hamda jahon reklama sanoatiga taxminan $10,5 mlrd qo‘shimcha xarajat keltirishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, bu 2022-yilda Qatarda o‘tgan Jahon chempionati davridagidan 1,1%ga ko‘pdir.

Biroq, hatto shunday salmoqli summa ham ushbu tadbirning reklama beruvchilarga an’anaviy ta’siri zaiflashganini ko‘rsatadi, deb yozadi European Business Magazine.

Chempionat rekord darajadagi global auditoriyani va jahon Yalpi ichki mahsulotining $40,9 mlrdga oshishini va’da qilmoqda, biroq uning reklama xarajatlari o‘sishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri kamaymoqda.

WARC Global Ad Trends hisobotiga ko‘ra, 2026-yilgi turnirning ta’siri avvalgi voqealarga qaraganda kamtarroq bo‘ladi.

Taqqoslash uchun, 2018-yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan chempionat reklama xarajatlarining $12,6 mlrdga o‘sishini ta’minladi.

fifa, jahon chempionati, reklama

Bugungi kunda muxlislar o‘yinlarni shunchaki tomosha qilmay, ular bilan raqamli makonda hamnafas yashamoqda. FIFAning rasmiy hamkoriga aylangan TikTok eksklyuziv sahna orti videolarini e’lon qilib boradi, YouTube esa hamkorlar orqali translyatsiyalarni ta’minlaydi.

Netflix’dan tortib Amazon Prime’gacha bo‘lgan striming xizmatlari esa musobaqaga oid kontentga faol sarmoya kiritmoqda.

Brendlar uchun bu reklama strategiyalarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini anglatadi: ular an’anaviy homiylik paketlarini xarid qilish o‘rniga, o‘yinlar atrofida real vaqt rejimida kechayotgan madaniy muloqotning bir qismiga aylanishga intilmoqda.


Avvalroq Spot YouTube’ning reklama daromadi 2025-yilda $40,4 mlrdga yetgani haqida yozgandi.

Ko‘rsatkich ilk bor Disney, NBC, Paramount va Warner Bros kompaniyalarining umumiy reklama daromadidan oshib ketdi.