Oxirgi o‘n kunda O‘zbekistonda mikroqarzlarning o‘rtacha stavkalari pasayib, avtokreditlarniki oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Joriy yilning 16-mart holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlar (mikroqarzlardan tashqari) ning o‘rtacha foiz stavkasi 22,9% ni tashkil etdi. Bir haftada ko‘rsatkich 0,4 foiz bandga oshgan, biroq, 2025-yilning iyul oyi boshida regulyator mazkur statistikani e’lon qila boshlagan davrga nisbatan 0,8 foiz bandga pastdir.

Shu bilan birga, yuridik shaxslarga berilayotgan kreditlar o‘rtacha foiz stavkasi oxirgi bir haftada o‘zgarishsiz — 23% darajasida qoldi.

Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 29,6% dan 29,3% gacha (-0,3 foiz band) tushib, fevral oyida qayd etilgan eng past ko‘rsatkich bilan teng bo‘ldi.

Banklar kesimida eng past stavka 21,8% bilan Aloqabankda qayd etildi — ko‘rsatkich bir hafta ichida 0,6 foiz bandga pasaygan.

Shu bilan birga, arzon stavkadagi qarz mablag‘larini Infinbank (24,3%, -0,1 foiz band), Trastbank (24,6%, o‘zgarishsiz), Biznesni rivojlantirish banki (25%, -0,1 f.b.) hamda O‘zmillibank (25,2%, -0,1 f.b.) taklif qilgan.

Mikroqarzlar bo‘yicha eng yuqori foiz stavkalari esa Tenge Bank’da qayd etildi — 42,5% (-0,1 f.b.). Undan keyingi o‘rinlarni Anorbank (42,2%, +0,1 f.b.) va AVO bank (39,9%, o‘zgarishsiz) egallagan.

Avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi bir haftada 22,6% dan 22,8% gacha oshgan. Yil boshiga nisbatan esa ko‘rsatkich 0,6 foiz bandgacha pasaygan.

Eng qimmat avtokreditlar Madad Invest Bank (27,9%), Mikrokreditbank (27,3%) va Trastbank (25,7%) tomonidan berilgan. Eng past foizlar esa Ipoteka-bank (16,5%), Infinbank (17,1%) va APEX BANK’da (17,7%) qayd etilgan.

Avvalroq Spot kredit va mikroqarzlar reklamasida ogohlantirish joriy etilishi haqida yozgandi.