O‘zbekistonda Ko‘chmas mulkni kompleks boshqarish axborot tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda Kadastr agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hukumat qaroriga muvofiq (VMQ-104-son), ko‘chmas mulk sohasida zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilmoqda.
Xususan, agentlikning jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z ko‘chmas mulk obyektlarini kompleks boshqarishni ta‘minlovchi Uzmulk ishga tushiriladi.
Agentlik mobil ilova va veb-sayt ko‘rinishida bo‘ladigan axborot tizimi orqali fuqarolar uchun qulayliklar oshishini bildirdi.
Ushbu tizim orqali kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
Shuningdek, mulkni bo‘lish, birlashtirish va chegaralarini belgilash hamda ko‘chmas mulk obyektlariga manzillar olish, ularni o‘zgartirish uchun arizalar berish mumkin.
Bundan tashqari, tizim orqali quyidagi vazifalarni amalga oshirish mumkin:
- kadastr va tarixiy ma‘lumotlarni olish;
- ko‘chmas mulkning texnik parametrlarini olish, shu jumladan bino sxemasini olish;
- ko‘chmas mulk joylashgan hududning raqamli xaritalarini olish;
- ko‘chmas mulkka bo‘lgan taqiqlar bo‘yicha ma‘lumot olish;
- ko‘chmas mulkning buzilishga tushgan yoki tushmaganligi haqida ma‘lumot olish;
- yer uchastkasini xususiylashtirish;
- soliqlarni to‘lash (yer va mol-mulk);
- kommunal xizmatlarga ulanish;
- notarius xizmatlariga yozilish;
- masofadan turib shartnomalarni tasdiqlash.
2026-yil 20-iyundan boshlab kommunal xizmatlar bo‘yicha shartnomalar tuzish hamda elektr va gaz ta‘minoti uchun shaxsiy hisob ochish ham Uzmulk va Yagona portal orqali amalga oshiriladi.
Avvalroq ko‘chmas mulk va avtomobil savdosida bank orqali hisob-kitob qilish tartibi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.