AQSH Davlat departamenti viza so‘rab murojaat qiluvchilardan mamlakatga kirish uchun $15 minggacha garov puli talab qilinadigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi.
Ro‘yxatga yangi qo‘shilgan 12 ta davlat bilan birga, bunday cheklovlar amal qiladigan mamlakatlar soni 50 taga yetdi. Ro‘yxatning asosiy qismini esa Afrika davlatlari tashkil etmoqda.
Yangi ro‘yxatga Kambodja, Efiopiya, Gruziya, Grenada, Lesoto, Mavrikiy, Mo‘g‘uliston, Mozambik, Nikaragua, Papua Yangi Gvineya, Seyshel orollari va Tunis kabi davlatlar kiritildi.
Qayd etilishicha, mazkur davlatlar fuqarolari uchun yangi tartib 2-apreldan boshlab kuchga kiradi.
Joriy yil yanvar oyi boshida AQSH 38 mamlakat fuqarolariga viza berish uchun garov joriy qilgandi.
Ular orasida Turkmaniston va Tojikiston ham bor bo‘lib, garov miqdori $5−15 mingni tashkil etadi. Ariza beruvchi viza muddati tugashidan oldin AQSHni tark etsa, pul qaytariladi.
Keyinchalik AQSH O‘zbekiston va yana 74 davlat fuqarolariga immigrant vizasi berishni to‘xtatishi haqida xabar berilgandi.
Bu qaror kelgusida “davlat zimmasiga yuk” bo‘lishi mumkin bo‘lgan muhojirlarga nisbatan talablarni kuchaytirgan umumiy farmon doirasida qabul qilingan.
Avvalroq Spot Green Card dasturiga ariza berishda yangi qoidalar joriy etilishi haqida yozgandi.
Ariza topshirishda muddati tugamagan pasport ma’lumotlarini kiritish va pasportning biografik hamda imzo sahifasi skanerini yuklash majburiy bo‘ladi.