Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar fonida o‘zbekistonliklar sayohat yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqib, muqobil manzillarni tanlamoqda. Bu haqda Spot’ga sayohatlarni rejalashtirishdagi o‘zgarishlarni tahlil qilgan Aviasales Uzbekistan aviachiptalar sotuvi servisi ma’lum qildi.
Havo hududining yopilgani sababli barcha yo‘nalishlar bo‘yicha bronlashlar umumiy soni 13% ga kamaydi. Bu, ayniqsa, Fors ko‘rfazi mamlakatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Masalan, BAAga sayohatlarga qiziqish 4 baravar kamayib, O‘zbekistonliklar orasida bu yo‘nalish mashhurlik bo‘yicha 4-o‘rindan 13-o‘ringa tushdi.Saudiya Arabistonga sayohat rejalari esa deyarli 3 baravar qisqardi.
Aviasales.uz sayyohlik talabining bir qismi boshqa yo‘nalishlarga qayta taqsimlanayotganini ta’kidladi.
Turkiya rejalashtirishda biroz pasayishni ko‘rsatdi va o‘rtacha chipta narxi 8% ga arzonlashdi. Ozarbayjonga parvozlar narxi ham 12% ga arzonlashdi.
Bu ikkala yo‘nalishni ham yanada qulayroq qiladi va o‘zbekistonlik sayyohlar uchun muqobil xablar sifatidagi rolini kuchaytiradi.
Mintaqadagi cheklovlar tufayli Yevropaga aviaparvozlar qimmatlashdi — narxlar o‘rtacha 12% ga ko‘tarildi.
Shu bilan birga, Osiyo yo‘nalishlarida sezilarli o‘sish kuzatildi. Xitoyga sayohatlarni rejalashtirish mojarodan oldingi davrga nisbatan 24% ga ortdi.
Shuningdek, odatiy yo‘nalishlarga muqobil sifatida tobora ko‘proq qaralayotgan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga qiziqish kuchaydi. Shu bilan birga, parvozlar narxi ham oshmoqda: Tailandga chiptalar 34% ga, Malayziyaga — 38% ga, Hindistonga — 37% ga qimmatlashdi.
Yaqin yo‘nalishlar orasida Qozog‘iston va Qirg‘izistonga sayohatlarni rejalashtirish 19% ga ortgan. Ayni vaqtda, Rossiyaga sayohat qilishga bo‘lgan qiziqish biroz pasayib, 11% ni tashkil etgan.
“Shu tariqa, havo hududidagi cheklovlar va odatiy hablardan foydalanish imkoniyatining kamayishi sharoitida o‘zbekistonliklar yo‘nalishlarni faolroq qayta ko‘rib chiqa boshladi hamda sayohat uchun muqobil yo‘nalishlarni tanlamoqda”, — deya xulosa qildi kompaniya.
O‘zbekiston 10-martdan BAA va Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlarni tiklashga ruxsat bergandi.
Transport vazirligi ikki tomonlama yo‘lovchi tashuvlarini tashkil etishga ruxsat berib, ularning turi va fuqaroligi bo‘yicha ilgari kiritilgan cheklovlarni bekor qildi.
11-martdan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent-Dubay-Toshkent yo‘nalishidagi qatnovlarga aviachiptalar sotuvini ochdi. Yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilindi.
14-martdan e’tiboran Centrum Air xususiy aviakompaniyasi Toshkent-Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni qayta yo‘lga qo‘ydi.
16 mart kuni Dubayga parvoz qilgan Centrum Air va Uzbekistan Airways samolyotlari BAA havo hududi qisman yopilgani sababli Toshkentga qaytgani ma’lum bo‘ldi.
Uzbekistan Airways 19-martdan BAAga aviaqatnovlarni tiklashi haqida e’lon qildi. Qayd etilishicha, mazkur sanadan aviakompaniya Toshkent-Dubay-Toshkent yo‘nalishidagi muntazam reyslar amalga oshirishni qayta boshlaydi.
19-mart kuni Uzbekistan Airports Air Samarkand aviakompaniyasining Toshkent-Jidda yo‘nalishi bo‘yicha parvozi bekor qilingani haqida xabar berdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda aprel-iyun oylari ochiq turizm mavsumi bo‘lishi haqida yozgandi.
Aviakompaniyalar olib kelgan turist uchun $100 dan, turoperatorlarga 1 ming sayyoh uchun $5 minggacha subsidiya beriladi.