2025-yilda tashkiliy ishga yollash doirasida 106 mingga yaqin o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlash uchun yuborilgan.
Bu haqda O‘zbekiston prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Rahim Hakimovning O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 34 yilligiga bag‘ishlab tayyorlagan ma’ruzasida aytiladi. Ushbu materiallar TACC ixtiyorida mavjud.
Hujjatda qayd etilishicha, ulardan 50 mingga yaqini Gazprom, Lukoyl, Kamaz, Avtovaz, Ozon va SPAR kabi yirik korxonalarga ishga joylashtirilgan.
“Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada 1,3 mlnga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vaqtincha mehnat qilmoqda”, — deya aniqlik kiritilgan ma’ruzada.
2025-yil aprel oyida O‘zbekiston va Rossiya mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning majburiy tartiblarini Toshkentga ko‘chirish masalasini muhokama qilgan edi. IIV pasport-viza xizmati vakolatxonasi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Rossiya tomoni tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
29-may kuni Moskvaga ikki kunlik tashrif bilan kelgan O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi.
Ucharashuvda migratsiya tartib-taomillarini tezlashtirish chora-tadbirlari va patentlarni rasmiylashtirish bosqichlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyev bilan mehnat muhojirlarini Rossiyaga yuborishdan oldin ularni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Rossiya rahbari qo‘shimcha qilishicha, bu tayyorgarlik, xususan, rus tili, madaniyati va boshqa jihatlarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Spot Rossiyada 1-martdan mehnat migrantlarni ishdan bo‘shatish asoslari kengaytirilishi haqida yozgandi.
Mintaqada chet el ishchi kuchini jalb qilishga cheklovlar kiritilganda, ish beruvchilar qonuniy ravishda migrantlarni ishdan bo‘shatish huquqiga ega bo‘ladi.