O‘zbekistonda birinchi ruxsatnomadan so‘ng kriptovalyuta mayningi sohasiga qiziqish ortdi. Bu haqda 18-mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kriptoaktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarjon Zokirov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Yanvar oyi o‘rtalarida NexaGrid xususiy kompaniyasi O‘zbekistonda kriptovalyutalar mayningi uchun birinchi ruxsatnomani qo‘lga kiritdi. Mayningni amalga oshirish manzili sifatida Buxoro viloyatining Romitan tumani ko‘rsatilgan.
“Nega ilgari bunday bo‘lmagan? Chunki ko‘pchilik biz qo‘ygan talablarga mos kelmagan. Bu — ular o‘rnatadigan uskunaning butun [elektr energiyasi] sarfini qoplay oladigan tegishli quyosh uskunasini o‘rnatish talabi edi. Ular [NexaGrid] talablardan o‘tib, tegishli ruxsatnomani oldi. Shundan so‘ng, albatta, ko‘pchilik bu sohaga qiziqib, kelib, o‘sha savollarni bera boshladi”, — dedi u.
Asqarjon Zokirovning ta’kidlashicha, ILMA ochiq davlat organi bo‘lishga intilmoqda, shu bois agentlik vakillari tadbirkorlar bilan uchrashib, qonunchilik talablarini tushuntirmoqda. “Arizalar bor”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Mayning
2023-yilning kuzida ILMA mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibini tasdiqlagan. Nizomga ko‘ra, mayning faqat yuridik shaxs tomonidan va asosan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Yagona elektr tarmog‘iga ulanish mumkin, biroq bu holda elektr energiyasi uchun to‘lovlar ikki baravar tarif asosida undiriladi hamda tig‘iz davrda qo‘shimcha ustamalar qo‘llanadi.
Arizalar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi, vakolatli organ esa 5 kun ichida qaror qabul qiladi. Ruxsatnoma 5 yil muddatga bepul beriladi va elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, yashirin va ruxsatnomasiz mayning taqiqlanadi. Maynerlar olingan kripto-aktivlarni faqat litsenziyaga ega kripto-birjalarda sotishi mumkin.
2024-yil bahorida ILMA rahbari o‘rinbosari Vyacheslav Pak Spot’ga bergan intervyusida O‘zbekistonda qonuniy mayning-fermalar yo‘qligini aytgandi. Yarim yildan ko‘proq vaqt ichida regulyator faqat bitta murojaat olgan, ammo talablarga javob bermagani uchun rad etgan.
Avvalroq 661 mingdan ortiq o‘zbekistonlik kriptoplatformalarda ro‘yxatdan o‘tgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatda 21 ta kripto-xizmat provayderi faoliyat yuritmoqda. 2022-yildan buyon kompaniyalar 107 mlrd so‘mdan ortiq boj va yig‘imlar to‘lagan.