Oltinning spot narxlari 8,7% ga arzonlab, bir unsiya uchun eng pastki ko‘rsatkich — $4099,55 ni tashkil qildi.
Qimmatbaho metall narxi 2025-yil 24-noyabrdan buyon ilk bor $4100 lik marradan pasaydi. Moskva vaqti bilan soat 10:37 ga kelib pasayish sur’ati 6,9% gacha sekinlashdi va oltinning spot narxi bir unsiya uchun taxminan $4180 ga yetdi.
Chikago tovar birjasida aprel oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari $4137,8 (-9,55%) qiymatida sotildi.
Oltin 2026-yil boshidan buyon erishgan butun o‘sishini boy berdi, uning qiymati to‘qqiz kundan beri ketma-ket pasaymoqda, deb yozadi Bloomberg. Agentlikning ta’kidlashicha, o‘tgan hafta qimmatbaho metall uchun 1983-yildan beri eng yomoni bo‘ldi.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi fonida inflyatsion xatarlar kuchaygani sababli oltin narxlari pasaymoqda.
Bu AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) va dunyoning boshqa markaziy banklari foiz stavkalarini avval kutilganidan yuqoriroq darajada ushlab turishi ehtimolini oshirdi.
Oltinning o‘zi investorlarga foizli daromad keltirmaydi. Bundan tashqari, Bloomberg‘ning qayd etishicha, investorlar 28-fevraldan, ya’ni Eron bilan urush boshlanganidan buyon uch hafta davomida boshqa aktivlar bo‘yicha ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun oltinni sotgan.
Mart oyi boshida AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalari fonida oltin narxi oshgani haqida xabar berilgandi.
Dushanba savdolarida qimmatbaho metallning jahon kotirovkalari 2,50% dan oshdi va bir troya unsiyasi uchun deyarli $5400 ni tashkil qildi.
29-yanvar kuni jahon bozorida ham yangi narx rekordi o‘rnatildi — troya unsiyasi $5559 ga yoki bir grammi $178,73 ga yetgandi.
Bir kunda qimmatbaho metall narxi 9,3% ga, yillik hisobda esa 80% dan ortiqqa qimmatlashdi. Kumushning troya unsiyasi narxi esa o‘tgan kunga nisbatan 11,4% ga oshib, $118,3 ga ko‘tarildi.
Fevral oyi boshida JP Morgan 2026-yil oxirigacha oltin narxini bir unsiya uchun $6300 ga ko‘tarilishi haqidagi bashoratini oshirgandi.
Bunga markaziy banklar va investorlarning barqaror va kuchayib borayotgan talabiga asoslanib, so‘nggi keskin narx o‘zgarishlari sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, prognozning oshishiga asosiy sabab rasmiy sektor tomonidan talabning kutilganidan ko‘ra kuchliroq ekanligi hisobalanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajadagi $75 mlrddan oshgani haqida yozgandi.
Yanvar oyida xalqaro aktivlar $8,76 mlrdga ko‘paydi. Bunga asosan oltin narxining oshishi va qimmatbaho metall zaxiralari hajmining ko‘payishi sabab bo‘ldi.