Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini AQSHga mavsumiy ishlarga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.
Agentlik rahbari Behzod Musayev o‘tgan hafta USA Farm Labor tashkiloti asoschisi Manuel Fik bilan onlayn muzokaralar o‘tkazgan edi.
Tomonlar o‘zbekistonliklarni H-2A vizasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga uyushgan holda jalb qilishni muhokama qildilar.
Bu Amerika tomoni bilan birinchi shunday kelishuv, deya ta’kidladi agentlik. Dastur ishtirokchilari AQSH fermalari va rancholarida 9−10 oy davomida oyiga taxminan $3500 maosh bilan ishlashlari mumkin bo‘ladi.


Shuningdek, ish beruvchilar mavsumiy ishchilarni yashash joyi bilan ta’minlaydi. Qabul qilishda malakali mutaxassislarga ustunlik beriladi.
Muzokaralar yakunida Migratsiya agentligi va USA Farm Labor o‘rtasida tegishli kelishuv imzolandi. Shuningdek, tomonlar “eng qisqa muddatlarda” hamkorlikning keyingi bosqichlarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqovga mamlakatni mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni topshirgan edi.
Shuningdek, prezident Yevropaning bir qator davlatlari, Yaponiya va Ummon bilan migratsiya bo‘yicha hukumatlararo va idoralararo bitimlar tuzish vazifasini qo‘ydi.
USA Farm Labor — 2003-yilda AQSH fermer xo‘jaliklariga vaqtinchalik va mavsumiy ishchilarni jalb qilish uchun tashkil etilgan tashkilot. Agentlik ish beruvchilarga chet ellik ishchilarni yollash uchun ariza topshirish, nomzodlarni topish, vizalarni rasmiylashtirish va ishchilarni joylashtirishda yordam beradi.
Avvalroq Chexiya o‘zbekistonlik migrantlarga yiliga 150 ta mehnat vizasi berishi haqida xabar berilgandi.
Mamlakat keksalarni parvarishlash sohasida o‘zbekistonlik hamshiralar va xodimlarni ishga olishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

