Xitoy kompaniyasi Andijonda Bobur massivida ko‘p funksiyali turar-joy majmuasini quradi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Vazirlik Andijon viloyati hokimligi va Xitoyning Hainan Xintanbo Investment kompaniyasi bilan investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha bitim imzoladi.

Kelishuv doirasida Andijon viloyatida to‘rtta yirik loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ular qatoriga Yangi Andijon (Bobur) massivida ko‘p funksiyali turar-joy majmuasini qurish, Xonobodda xalqaro logistika markazi (Quruq port) tashkil etish, Sun‘iy ko‘l turistik majmuasini rivojlantirish va yo‘l infratuzilmasini barpo etish kiradi.

Investitsiyalarning umumiy hajmi $1,4 mlrddan oshadi. Qayd etilishicha, loyihalar amalga oshirilishi natijasida 2000 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratiladi.

Avvalroq Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda shinalarni qayta ishlash va texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.


Maʼlumot uchun, Hainan Xintanbo Investment — yirik developerlik va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan investitsiya kompaniyasi hisoblanadi.