Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda “Yashil makon” doirasida botanika va dendrologiya bog‘lari konsepsiyasi yuzasidan axborot berildi.
Botanika bog‘lari mahalliy va xorijiy o‘simliklarni o‘rganish, saqlash, ko‘paytirish va namoyish etishga, dendrologiya bog‘lari esa daraxt va buta turlarini introduksiya, akklimatizatsiya qilish va ilmiy asosda parvarishlashga ixtisoslashgan hududlar hisoblanadi. Konsepsiyaga ko‘ra, botanika bog‘larida turli floristik ekspozitsiyalar, oranjereya, ko‘chatxona, ko‘l, ichki yo‘laklar, besedka va gulxona kabi obyektlar joylashtiriladi.
Hozirgi kunda mamlakatda 3 ta botanika bog‘i mavjud bo‘lsa, loyiha doirasida yana 12 ta botanika va 16 ta dendrologiya bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan. Bunda har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti hisobga olinib, mos daraxt va butalar tanlanadi.
2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston, barcha viloyatlar va Toshkentda maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish reja qilingan. Natijada 2030-yilgacha mamlakatda umumiy yashillik darajasini 14,2% dan 30% gacha oshirish, PM2,5 va PM10 konsentratsiyasini 20−25% ga kamaytirish, iqlimi og‘ir hududlarda havo haroratini o‘rtacha 1,5−2 darajaga pasaytirish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, poytaxtda umumiy maydoni 108 gektarni tashkil etadigan Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etish konsepsiyasi taqdimot qilindi. Loyiha doirasida 50 ming tup daraxt ko‘chati va 100 ming tup buta o‘simliklari ekilishi nazarda tutilgan.
Park biologik xilma-xillikni saqlash, havo sifatini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish, ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda shahar mikroiqlimini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Bog‘ havo haroratini 2−4 darajaga pasaytirib, namlikni 10−15% ga oshirishi mumkin.
Bog‘ ilmiy, ma’rifiy va jamoat makoni sifatida ham shakllantiriladi. Unda “Dunyo daraxtlari” hududi, 6 ta iqlim mintaqasiga xos o‘simliklar kolleksiyasi, mevali va mahalliy daraxtzorlar, dorivor o‘simliklar bog‘i, oranjereya, gulzorlar, dam olish maydonlari, piyodalar va velosiped yo‘laklari, avtoturargoh, tashrif buyuruvchilarni kutib olish maydoni barpo etiladi.


Bog‘ning markaziy qismida 1 gektarlik sun’iy ko‘l va uning atrofida sakura bog‘i tashkil qilish rejalashtirilgan. Park infratuzilmasida quyosh panellari, qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan skameyka va besedkalar, avtomatlashtirilgan tomchilatib sug‘orish tizimi kabi ekologik texnologiyalardan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Bu yer Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi universiteti (Green University) uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun esa bioturizm va ekota’lim markaziga aylanishi kutilmoqda.
“Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni bir-biriga bog‘lagan holda yangi tizim yaratish rejalashtirilgan. Sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi o‘rtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi mavjudligi qayd etildi.
Shuning uchun 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular Green University tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi. Tayyorlanadigan o‘quvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028−2029-o‘quv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi.
Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, atrof-muhit muhandisligi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yo‘nalishlar ochiladi.
Ta’lim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uyg‘unlashtiriladi. Universitet ta’lim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targ‘ibot ishlari uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek, Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi va “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.


Taqdimotda cho‘llanishga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston hududining 70%i arid zonadan iborat bo‘lib, yerlarning 70% dan ortig‘i degradatsiyaga uchragan. Yer resurslarining yomonlashuvi iqtisodiyotga har yili $830 mln zarar keltirmoqda. Orol dengizining qurishi natijasida 3 mln gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va hududning 56%i shamol eroziyasi ta’siri ostida qolgan.
Shu munosabat bilan Green University huzurida mintaqaviy qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi. U cho‘llanishni boshqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy xabga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi, sputnik ma’lumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlar holatini raqamli monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar bo‘yicha genetik bank shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va fizik tahlil tizimi takomillashtiriladi.
Natijada cho‘llanishni prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi, Orolbo‘yi va qurg‘oq hududlarda yashil qoplama kengaytiriladi, yaylovlardan barqaror foydalanish hamda cho‘l iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.
Davlat rahbari taqdimot qilingan loyihalarning ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, shahar va qishloq muhitini yanada qulaylashtirish, shuningdek, ushbu sohada ilm-fan va texnologiyalarni joriy etishdagi muhim ahamiyatini qayd etib, ularni ma’qulladi.
2024-yilning noyabr oyida Toshkent shahrining Yangihayot tumanida joylashgan “Yo‘ldosh” (eski “Sputnik”) massivida dendropark tashkil etilishi ma’lum bo‘lgandi. Uning doirasida hududdagi mavjud daraxtlar saqlab qolinadi va davolanadi, shuningdek, yangi daraxt hamda butalar o‘tqaziladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda motor yoqilg‘isi standartlari bosqichma-bosqich kuchaytirilishi haqida yozgandi.



