Migratsiya agentligi hamda Proud Partners kompaniyasi o‘zbekistonlik haydovchilarni Yaponiyadagi ish o‘rinlariga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma‘lum qildi.
Nomzodlar Angren shahrida aprel oyida boshlanadigan 8 oylik bepul o‘quv kursida qatnashishga tayyor bo‘lishi kerak. Kurs davomida fuqarolar bepul yotoqxona bilan ta‘minlanadi.
Qayd etilishicha, jami 200 ta ish o‘rni mavjud. Kompaniya vakillari 30-martdan 3-aprelgacha nomzodlar bilan onlayn suhbat o‘tkazadi.
Tanlovda BC toifali haydovchilik guvohnomasiga ega, C toifasini olganiga kamida 3 yil bo‘lgan, Rozilik xati ni ma‘qullagan hamda 21 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, yapon tilini biladigan nomzodlarga ustunlik beriladi.
Ish haqi oyiga $1200 dan $2000 gacha etib belgilangan. Belgilangan ish vaqtidan tashqari ishlangan soatlar uchun qo‘shimcha daromad olish mumkin.
Bundan tashqari, ish unumdorligiga qarab yiliga ikki marta moddiy rag‘batlantirish beriladi.
Ish beruvchi xodimni turar joy bilan ta‘minlaydi, buning uchun ish haqidan o‘rtacha $200 ushlab qolinadi. Aviabilet xarajatlari qoplanadi, ishchi vizani rasmiylashtirish xarajatlari kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, xodimlar tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan ta‘minlanadi. Ovqatlanish xarajatlari esa xodim hisobidan bo‘ladi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun maxsus havola orqali ariza topshirish kerak. Talablarga mos nomzodlar bilan Migratsiya agentligi xodimlari bog‘lanadi va SMS yuboriladi.
Batafsil maʼlumotlarni 1282 va 71 202−33−55 (ichki raqam 505) orqali olish mumkin.
Avvalroq Niderlandiya kompaniyasi 6 ming nafar o‘zbekistonlikni ishga olishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.