Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda oltin quymalari narxi uzoq dam olish kunlaridan so‘ng keskin pasaygan.
24-mart, seshanba kuni bir gramm oltin narxi 1 801 260 so‘mni tashkil etdi — bu 19-martga nisbatan 7,9% ga arzon. Uch hafta oldingi eng yuqori darajaga nisbatan qimmatbaho metall 17% dan ko‘proqqa arzonlashdi.
5 grammlik quymaning narxi 774 ming so‘mga arzonlashib, hozirda 9,006 mln so‘mga baholanmoqda. Bu — quymaning narxi ilk bor 9 mln so‘mdan oshgan 12-yanvardan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadog‘i but holatda | qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda (texnik ekspertizadan so‘ng) | ||
| 5 gramm | 9 006 000 so‘m | 8 657 000 so‘m | 8 569 000 so‘m |
| 10 gramm | 18 013 000 so‘m | 17 313 000 so‘m | 17 138 000 so‘m |
| 20 gramm | 36 025 000 so‘m | 34 626 000 so‘m | 34 276 000 so‘m |
| 50 gramm | 90 063 000 so‘m | 86 566 000 so‘m | 85 691 000 so‘m |
| 100 gramm | 180 126 000 so‘m | 173 131 000 so‘m | 171 382 000 so‘m |
Jahon bozorida oltin kotirovkalari hozirda troya unsiyasi uchun $4450−4460 atrofida o‘zgarib turibdi.
So‘nggi bir oy ichida qimmatbaho metalning spot narxi 15% dan ko‘proqqa tushdi, garchi u hali ham o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan deyarli 1,5 baravar yuqori.
23-mart kuni oltinning troya unsiyasi uchun fyuchers narxi $4100−4200 darajasigacha pasaygan — bu o‘tgan noyabr oyidan beri eng past ko‘rsatkich.
RBK nashrining ta’kidlashicha, bu kuniga 10% ga va oy boshidagi eng yuqori darajaga 20% ga pasayishga teng hisoblanadi.
Mutaxassislar oltin narxining pasayishini fevral oyi oxiridan beri davom etayotgan Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘lamoqda.
Eron atrofidagi inqiroz va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amaldagi blokadasi fonida Brent neftining narxi so‘nggi haftalarda bir barrel uchun $100 atrofida o‘zgarib turibdi, bu esa global inflyatsiya o‘sishidan xavotirni kuchaytirmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixiy rekordni yangilab $77 mlrddan oshgani haqida xabar berilgandi.
Fevralda mamlakatning xalqaro zaxiralari $2 mlrdga oshdi. Oltin qiymati ko‘tarilib, $67,7 mlrdga yetdi.