Goldman Sachs Group tahlilchilari 2026-yil uchun neft narxlari prognozini oshirdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Bunga Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar sabab Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishdagi uzilishlar ta’sir qilgan.

Avvalroq Goldman Sachs 2026-yilda Brent markali neftning o‘rtacha narxi $77 ni tashkil etishini prognoz qilgan edi. Endi tahlilchilar o‘z prognozini bir barrel uchun $85 gacha ko‘tardi.

Shuningdek. AQSHning West Texas Intermediate (WTI) markali nefti narxi bo‘yicha kutilmalar esa $72 dan $79 gacha oshdi.

Fevral oyi oxiridan buyon davom etayotgan AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi neft bozoriga kuchli zarba berdi.

Neft yetkazib berishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Eronning elita harbiy tuzilmasi — Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan to‘sib qo‘yildi.

Tehron buni bosim o‘tkazish dastagi sifatida ko‘rmoqda. Shu bilan birga, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bo‘g‘oz ochiq ekanini, faqat Isroil va AQSH kemalari uchun yopiqligini ma’lum qildi.

Goldman Sachs tahlilchilari kelgusi olti hafta ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berish hajmi normal darajaning atigi 5%ini tashkil etishini, shundan so‘ng ular bir oy ichida tiklanishini kutmoqda.

Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, jami bozor 800 mln barreldan ortiq neft yo‘qotadi. Goldman Sachs “tarixdagi eng yirik neft yetkazib berish zarbasi” siyosatchilar va bozor ishtirokchilarini Yaqin Sharqda qazib olish va zaxira quvvatlarining yuqori konsentratsiyasi, shuningdek, energiya infratuzilmasining zaifligi bilan bog‘liq tarkibiy xatarlarni tan olishga majbur qiladi, deb taxmin qildi.

Yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar tufayli mart oyida neft narxi keskin oshdi. Brent nefti fyucherslari narxi eng yuqori cho‘qqisida bir barrel uchun $120 ga yaqinlashdi.

Avvalroq AQSH uchinchi davlatlarga hozir dengizdagi tankerlarda bo‘lgan sanksiyadagi Rossiya nefti va neft mahsulotlarini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat berdi.

Moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, bu qadam AQSH va Isroilning Eron bilan urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi ortidan keskinlashgan global energiya bozorlarini barqarorlashtirishga qaratilgan.

Vazirlik saytida e’lon qilingan litsenziyaga ko‘ra, 12-martdan boshlab kemalarga yuklangan Rossiya xom nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish hamda sotishga ruxsat etiladi. Litsenziya Vashington vaqti bilan 11-aprel yarim tungacha amal qiladi.

21-mart kuni Donald Tramp Erondan 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni talab qilib, mamlakat elektr stansiyalariga zarba berish bilan tahdid qildi. Tehron bunga Amerika energetika obektlariga zarbalar bilan javob qaytarishini ma’lum qildi.


Avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan 11 ta yangi neft-gaz qudug‘i ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.