Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida issiqxona xo‘jaliklari juda ko‘pligi, ular orasida isitish manbalari sifatida ko‘mir, mazut va nostandart yoqilg‘idan foydalanuvchi issiqxonalar ulushi ham yuqoriligi, ular chiqarayotgan NO2, SO2 va PM2,5 kabi xavfli moddalar havo sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Toshkent hududida yillik quyosh nurlanishi qolgan hududlarga qaraganda nisbatan past bo‘lgani sababli bu yerda issiqxonada mahsulot yetishtirish xarajati ancha balandligi ta’kidlandi. Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 6 daraja issiq bo‘lsa, Termizda — 10,8 daraja issiq. 1 tonna issiqxona mahsulotini yetishtirish xarajati Toshkent viloyatida 11,9 mln so‘mni, Surxondaryoda esa 4,9 mln so‘mni tashkil etadi.
Mahsulotlarni insolyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yetishtirish issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy holati uchun ham, ichki bozordagi narx barqarorligi nuqtayi nazaridan ham manfaatli hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalarni energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti qulay bo‘lgan hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish taklifi bildirildi.





Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda quyosh nurlanishi yuqori, qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past bo‘lib, bu mahsulot tannarxini keskin tushirish imkonini beradi.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etishni cheklash, shu bilan birga, ko‘chirilayotgan xo‘jaliklarga infratuzilma, kredit va logistika bo‘yicha imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda.
Fevral oyida prezident raisligida o‘tkazilgan Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda viloyatda quyoshda isitiladigan issiqxonalar quradigan tadbirkorlarga yerlar 5 yilga bepul ijaraga berilishi, ular yer osti suvi uchun to‘lovdan 3 yilga ozod etilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq davlat rahbari Narpaydagi gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnaychilik issiqxonasi faoliyati bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.




