O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasini maksimal darajada mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 24-mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxadjayev jurnalistlarga ma‘lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.
O‘zatom rahbari loyiha qiymatini optimallashtirish haqida so‘z yuritar ekan, xavfsizlik talablariga qat‘iy rioya qilish zarurligi sababli, bu yerda gap tejamkorlik hisobiga arzonlashtirish haqida ketmayotganini ta‘kidladi.
“Biz ‘Rosatom‘ bilan ko‘rsatiladigan xizmatlarni maksimal darajada mahalliylashtirish, shuningdek, stansiyamiz qurilishi uchun zarur materiallarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Bugungi kunda, ishlarning joriy bosqichida mahalliylashtirish darajasi kamida 29−30% ni tashkil etmoqda”, — deya bayonot berdi Azim Axmedxadjayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zatom mahalliylashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda va mahalliy sanoat korxonalarining imkoniyatlarini imkon qadar chuqur o‘rganmoqda. Bunda tegishli idoralar, jumladan, O‘zqurilishmateriallari uyushmasi ko‘maklashmoqda.
Bundan tashqari, u AES qurilish maydonchasida qo‘llaniladigan barcha materiallar qat‘iy laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilishi va loyihada faqat tegishli ruxsatnomalar olinganidan keyin ishlatilishini qayd etdi.
Tinch atom
2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.
Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi. Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.
Spot, avvalroq, AES qurilishi “qat‘iy belgilangan jadvalga muvofiq” ketayotgani haqida yozgandi.