O‘zbekistonda bir oyda go‘sht narxi 8% gacha qimmatlashdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi.

24-mart holatiga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Eski juva” (Chorsu) bozorida mol go‘shtining ulgurji narxi 75−108 ming so‘mni tashkil etdi.

Go‘shtning minimal narxi bir haftada 7,1% ga, maksimal narxi esa 2,9% ga qimmatlashgan. Bir oyda esa narxlar mos ravishda 7,1 va 8% gacha ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, mol go‘shtining qovurg‘asi 75−80 ming, sarpanja 85−95 ming hamda son 90−100 ming so‘mga yetdi. Sovutilgan import go‘shti minimal 75 ming (+1,4%), maksimal 108 ming so‘m (+10,2%) dan sotilmoqda.

Bundan tashqari, qo‘y go‘shtining minimal ulgurji narxi biroz oshib, 85 ming so‘mni tashkil etdi, maksimal narxi esa 110 ming so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qolmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov mol go‘shti narxining qimmatlashishi Rossiyada kasallik tarqalishi natijasida fermerlardan chorva mollarining tortib olinishi hamda Qozog‘iston Rossiyadan tirik chorva va go‘sht olib kirish hamda ularning tranzitini taqiqlashi fonida yuz berayotganiga e’tibor qaratdi.

Fevral oyida O‘zbekistonda mol go‘shti 1,6% ga, qo‘y go‘shti esa 2,6% qimmatlashdi. Mamlakat bo‘yicha bir kilogramm mol go‘shti narxi 500 so‘mdan 2000 so‘mgacha oshgan. Qo‘y go‘shti bir yilda 27,4% ga, suyaksiz mol go‘shti 24% ga hamda suyakli mol go‘shti 22,4% ga oshgan.

O‘tgan oyda o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilish kerakligini ko‘rsatib o‘tgandi. Unda joriy yilda qo‘shimcha 60 ming gektarda ozuqa ekinlarini yetishtirish, Mo‘g‘ulistondan qo‘y va echki importini davom ettirish hamda 4,5 mln tonna kartoshka hosilini olish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq EastFruit iqlim o‘zgarishlariga eng sezgir bo‘lgan va global bozorga eng katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ekinlar reytingini tayyorlagani haqida xabar berilgandi.