O‘zbekistonda birinchi AES maydonchasida dastlabki beton ishlari boshlandi, deb xabar berdi O‘zatom.
24-mart kuni strategik hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolandi hamda dastlabki beton ishlariga rasman start berildi.
O‘zatom agentligi va Rosatom atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi o‘rtasida atom va unga yondosh sohalardagi hamkorlik bo‘yicha Yo‘l xaritasi, shuningdek, O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnomaga doir kelishuv imzolandi.
Hujjatni O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzoladi.



Taʼkidlanishicha, yo‘l xaritasi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi. Bular — AES qurilishi loyihasini amalga oshirish bosqichlari, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, atom energetikasining jamoatchilik tomonidan qabul qilinishini ta‘minlash, bo‘lajak atomchilar shaharchasi infratuzilmasini yaratish va sohani kompleks rivojlantirish.
Shu bilan birga, Forish tumanidagi AES qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi energoblokini barpo etish doirasida dastlabki beton ishlari boshlandi.
Hozirda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichni 2026-yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan.





Jami 900 metr kubga yaqin beton qorishmasi yotqiziladi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevori uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asos tayyorlanadi.
Shuningdek, stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasini tasdiqlovchi kontraktga doir bitim imzolandi. Jumladan:
- 3+ avlodiga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita energoblok;
- RITM-200N reaktorlariga ega ikkita energoblok (har biri 55 MVt).
Stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga qariyb 15,4 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Kichik AES
2025-yil sentyabr oyida O‘zatom va “Rosatom” O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energiya bloki va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasini qurishning asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktori o‘rnatiladigan energoblok uchun kotlovan qazish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Spot, avvalroq, Belarus O‘zbekistonga AES qurilishida yordam berishi mumkinligi haqida yozgandi.







