O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasi qat‘iy belgilangan jadval asosida amalga oshirilmoqda. Bu haqda 24-mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxadjayev jurnalistlarga ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha “juda jadal” rivojlanmoqda va shaxsan Shavkat Mirziyoyevning nazoratida bo‘lib, davlat rahbariga uning borishi haqida doimiy ravishda hisobot berib borilmoqda. Prezident O‘zatom‘dan uchta tamoyil: xavfsizlik, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash hamda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE)ning barcha me‘yor va standartlariga to‘liq rioya qilish asosida ishlashni talab etmoqda.

“Biz, rejalashtirganimizdek, 2026-yil mart oyida birinchi beton ishlariga kirishdik va bugungi kunda aynan shu bosqichni amalga oshiryapmiz. Maydonda beton quyishga start berildi va hozirgi vaqtda barcha ishlar qat‘iy belgilangan jadvalga muvofiq olib borilmoqda”, — deya ta‘kidladi Azim Axmedxadjayev.

O‘zatom rahbari Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonchasida dastlabki beton ishlari bugun boshlanganiga aniqlik kiritdi. Shu yozda reaktor binosini barpo etishga kirishish rejalashtirilmoqda.

Tinch atom

2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.

Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi. Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.

Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistondagi ilk AES maydonchasida dastlabki beton quyilgani haqida yozgandi.