Tijorat banklaridan $500 gacha naqd valyutani pasportsiz sotib olish mumkin bo‘ladi. Bu bo‘yicha Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida so‘z bormoqda.

Hujjat bilan tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari ga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etiladigan $100 limiti $500 gacha oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ekvivalenti $500 gacha bo‘lgan chet el valyutasining naqd sotib olinishida shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etilmasligi mumkin.

Taʼkidlanishicha, mazkur o‘zgarish aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda tashqi va chakana savdoda kriptovalyuta to‘lovlari sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.