Avvalroq prezident Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taʼkidlanishicha, jahondagi geosiyosiy keskinlashuv sharoitida investitsiyalarni jalb qilish uchun raqobat tobora kuchayib bormoqda. Mamlakatning boy tabiiy resurslari, iqtisodiy salohiyati va islohotlari esa bu borada katta ustunlik yaratayotgani aytildi.
“Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart”, — dedi prezident.
Joriy yilda $50 mlrddan ziyod investitsiya jalb qilish maqsadiga erishish uchun investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishini yengillashtirish, ularga zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim, qo‘shimcha qulayliklar va eng muhimi, ishonchli hamda shaffof biznes muhitini ta‘minlash zarur.
Toshkent xalqaro moliya markazi muhokama qilinar ekan, ushbu markaz yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishning samarali vositasi bo‘lishi qayd etildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha $20−25 mlrd jalb qilish, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1% gacha hissa qo‘shish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda Angliya va Uelsning umumiy huquqi markaz to‘g‘risidagi qonunga zid bo‘lmagan darajada tatbiq qilinadi.
Markazning boshqaruv organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi, nizolarni ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valyuta operatsiyalari, zamonaviy to‘lov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi, soddalashtirilgan viza tartibi kabi keng imkoniyatlar yaratilishi belgilangan.
Moliya-investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va xizmatlari, moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘ladi.
Avvalroq Oson Dubay regulyatoridan neobank ochish uchun litsenziya olgani haqida yozgandi.