Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida O‘zmetkombinat va Tojik metallurgiya kombinati o‘rtasida strategik hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuvga ko‘ra, 2027-yil 3-chorakdan boshlab O‘zmetkombinat 300 ming tonna to‘g‘ridan-to‘g‘ri tiklangan temir xarid qiladi.
Memorandum O‘zmetkombinat boshqaruv raisi Bahodir Abdullayev va Tojikiston tomonidan TMK YoAJ bosh direktori Sharipov tomonidan imzolandi.



“Mazkur hamkorlik xomashyo ta‘minotini mustahkamlash va ikki davlat o‘rtasidagi sanoat integratsiyasini kengaytirishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Tojikiston metallurgiya kombinati qurilishi 2025-yil aprel oyida boshlangan. Temir rudasini qazib olish va boyitish korxonasi mamlakat shimolidagi Sug‘d viloyatining Bobojon G‘ofurov tumanida joylashgan.
Yaqin atrofdagi konning temir rudasi zaxiralari 60 mln tonnaga baholanmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, korxona ishga tushirilgach, yiliga 2,5 mln tonna ruda qazib olib, qayta ishlash va 1,1 mln tonna sanoat konsentrati olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kombinatning birinchi bosqichi 2027-yilda ishga tushirilib, 1200 kishini ish bilan ta‘minlashi kerak. Korxona 2031-yilga borib to‘liq quvvatda ishlay boshlashi kutilmoqda — bu vaqtga kelib zavodda 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Dekabr oyida Tojikiston hukumati va TMK korxonani qurish hamda foydalanishga topshirish bo‘yicha investitsiya shartnomasini imzolagan. Hujjatga ko‘ra, korxona mahalliy investitsiyalar hisobidan quriladi va asosan eksportga yo‘naltiriladi.
Mahalliy SugdPressa nashrining Sug‘d viloyati ma‘muriyatiga tayanib xabar berishicha, joriy yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra, birinchi bosqich doirasidagi ishlarning qariyb 50%i bajarilgan. 15 ta uchastkadagi qurilish va montaj ishlariga 800 dan ortiq mutaxassis jalb etilgan.
Spot, avvalroq, John Deere O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida yozgandi.


