Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Mamlakatda tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish — murobaha, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini jalb etish — muzoraba, vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki jalb etish — vakala, tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish — salam va istisno, birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish — mushoraka, mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar, shuningdek, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.
Bunda sotilgan tovar ustamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmasligi, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinishi, islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi belgilanmoqda.
Sohada tizimli boshqaruvni taʼminlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi.
Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ko‘maklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni ko‘rib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni taʼminlash bilan shug‘ullanadi.
Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026−2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan.
Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026−2030-yillarda qo‘shimcha $1 mlrd miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
2025-yil oktyabr oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev 2030-yilga borib mamlakatda 10 ta islom banki ochilishi kutilayotganini aytgan edi. Bundan tashqari, uchta davlat banki “islom darchalari"ni yaratadi. Regulyator islom moliyasiga yashirin sektordan pulni bank tizimiga jalb qilishning muqobil mexanizmi sifatida qaraydi.
Yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasiga ko‘ra, islomiy moliyalashtirish ilk bor O‘zbekiston bankida 2027-yilda paydo bo‘ladi. 2030-yilga qadar kamida 3 ta tijorat bankida islom moliyasi xizmatlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Fevral oyida Oliy Majlis Senati O‘zbekistonda islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma‘qullagan edi. Hujjat islomiy moliyaviy faoliyat uchun litsenziya berish shartlarini, shuningdek, uni soliqqa tortish tartibini belgilaydi.
Spot, avvalroq, banklardan $500 gacha valyutani pasportsiz sotib olishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.