AQSHning John Deere kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Vazir Laziz Kudratov 24-mart kuni korporatsiya vitse-prezidenti Piter Saks bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda milliy agrosanoat majmuasini modernizatsiya qilish hamda qishloq xo‘jaligiga innovatsion yechimlarni joriy etish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Asosiy e‘tibor texnikalar yetkazib berish, servis infratuzilmasini rivojlantirish va ilg‘or raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish masalalariga qaratildi.




Uchrashuv ishtirokchilari mamlakatdagi sohaviy institutlar bilan aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish va respublika hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini batafsil ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar yakunida uzoq muddatli hamkorlikka o‘zaro qiziqish borligi yana bir bor tasdiqlandi.
Tomonlar O‘zbekiston agrar tarmog‘ining samaradorligi va ekologik barqarorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
2025-yilning noyabrida John Deere kompaniyasi O‘zbekistonga $300 mlnlik qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, qishloq xo‘jaligida startaplarni moliyalashtirish uchun venchur kompaniyasi tashkil qilinishi haqida yozgandi.
Maʼlumot uchun, John Deere (Deere & Company) — 1837-yilda tashkil etilgan global korporatsiya bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, qurilish va o‘rmon xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishda dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Kompaniya dunyoning 170 dan ortiq mamlakatida keng distribyutorlik tarmog‘i hamda o‘zining ilmiy-ishlab chiqarish markazlariga tayanib faoliyat yuritadi.



