Ikkita hududda fuqarolarni xorijga ishga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Taʼkidlanishicha, Toshkentning Sergeli tumanida fuqaro Sh.A. fuqaro M.O.ni AQSHga borishi uchun biznes viza rasmiylashtirib berishi evaziga $75 mingni olgan vaqtida ushlangan.

Gumonlanuvchi bu ishni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali qilmoqchi bo‘lgan.

Shuningdek, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida T.L. korxonasi rahbari F.Sh. fuqaro J.B.ni Bolgariyaga yuborishi va ishga joylashtirib qo‘yishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga $3 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Fevral oyida Namanganda fuqarolarni xorijga ishga yubormoqchi bo‘lgan konsalting firma vakillari ushlangandi. Ular fuqarolarni Janubiy Koreya va Latviyaga ishga yuborish uchun jami $3,5 ming olgan edi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik haydovchilar Yaponiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.