O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasi Rossiya sanoatiga $24 mlrdgacha bo‘lgan buyurtmalarni olib keladi. Bu haqda 24-mart kuni Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov jurnalistlarga ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat korporatsiyasi nafaqat o‘z tarkibidagi, balki Rossiyadagi xususiy hamda davlat ishtirokidagi korxonalar bilan ham hamkorlik qiladi.
“Faqatgina kichik blokning qurilishi 2 trln rublgacha (Rossiya Banki kursi bo‘yicha qariyb $24,7 mlrd — Spot izohi) buyurtmalar hajmini ta‘minlaydi. Bandlik va ish o‘rinlari yaratish nuqtayi nazaridan esa bu bevosita Rossiyaning o‘zida mingga yaqin ish o‘rnini anglatadi. Makroiqtisodiy samaralar tilida aytganda, bu qurilish bosqichida kiritilgan [har bir] rubl uchun Rossiyaga 1,5 rublgacha, atom elektr stansiyasidan foydalanish bosqichida esa 2 rublgacha investitsiya qaytishini bildiradi”, — dedi u.
Aleksey Lixachyov Rosatom AESni qurish bosqichida ham, kelajakda unga xizmat ko‘rsatish jarayonida ham O‘zbekistonda mutaxassisliklarni mahalliylashtirish ustida ishlayotganini ta‘kidladi. Uning fikricha, respublikaning yirik sovet atom loyihasidagi ishtiroki tufayli bu yerdagi uran va tadqiqot sohasidagi salohiyat yuqori darajada saqlanib qolgan.
Loyihaning tashqi ta‘sirlarga, jumladan, sanksiyalar bosimiga chidamliligi haqida gapirar ekan, u loyihaga qancha ko‘p mahalliy kompaniya jalb etilsa, uning barqarorligi shuncha yuqori bo‘lishini qayd etdi. Bundan tashqari, Rosatom rahbari so‘nggi ikki yil ichida sanksiyalar “ma‘lum darajada ta‘sir ko‘rsatganini”, biroq hech bir joyda, jumladan Bangladesh, Turkiya va Xitoyda ham loyihalarning to‘xtab qolishiga olib kelmaganini tan oldi.
“Biz uchun bu yerda iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham, Rossiyada joylashtirilayotgan buyurtmalar ham juda muhim. Ammo yana bir jihat bor — bu global yetakchiligimizni tasdiqlash va aralash quvvat bo‘yicha o‘ziga xos namunaviy eksport salohiyatini yaratishdir. Bu bir maydonning o‘zida zamonaviy kichik va katta bloklarni uyg‘unlashtirishning noyob namunasidir”, — deya qo‘shimcha qildi Lixachyov.
O‘zatom rahbari Azim Axmedxadjayev Rosatom bilan ko‘rsatiladigan xizmatlarni “maksimal darajada mahalliylashtirish” va bo‘lajak stansiya uchun materiallar xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma‘lum qildi. Ishlarning joriy bosqichida loyihani mahalliylashtirish darajasi kamida 29−30% ni tashkil etmoqda.
Kuni kecha Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonchasida dastlabki beton quyish ishlari boshlandi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevorining gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asosi tayyorlanadi.
Tinch atom
2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.
Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi. Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.
Spot, avvalroq, O‘zatomga tayanib AES qurilishi “qat‘iy belgilangan jadvalga muvofiq” ketayotgani haqida yozgandi.