Rossiyada internetga keng polosali ulanish imkonini beruvchi 16 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat birinchi guruh koinotga chiqarildi. Bu haqda Kod Durova “Byuro 1440” kompaniyasiga tayanib xabar berdi.
“23-mart kuni soat 20:24 da Rossiyaning „Byuro 1440“ aerokosmik kompaniyasiga qarashli „Rassvet“ nomli past orbital aloqa guruhining 16 ta kosmik apparati birinchi to‘plamda uchirildi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bort tizimlarini tekshirish va ishga tushirish yakunlangach, sun’iy yo‘ldoshlar belgilangan orbitaga harakatlanishni boshlaydi.
Ta’kidlanishicha, kosmik apparatlar kompaniyaning shaxsiy platformasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ular 5G NTN arxitekturasidagi aloqa tizimi, yangilangan quvvat ta’minoti tizimi, yangi avlod sun’iy yo‘ldoshlararo lazer aloqasi terminallari va plazmali harakatlantirish qurilmasini o‘zida birlashtiradi.
IKS Xolding bosh direktori Aleksey Shelobkovning so‘zlariga ko‘ra, “maqsadli guruhning birinchi apparatlarini uchirish tajribalardan aloqa xizmatini yaratishga o‘tishni anglatadi”.
“Oldinda guruhni joylashtirish bosqichi turibdi, bu esa o‘nlab uchirishlarni va orbitadagi apparatlar sonini ko‘paytirishni talab etadi”, — dedi Shelobkov.
Avvalroq 2026-yilda orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar soni 156 taga, 2027-yilda 292 taga, 2028-yilda esa 318 taga yetishi kerakligi xabar berilgandi. 2030-yilgacha 24 ta parvozni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Rossiyada Starlink’ning muqobilini yaratish loyihasi bilan “Byuro 1440” kompaniyasi ham shug‘ullanmoqda. Ushbu loyihaga 400 mlrd rubldan ortiq mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.