Yagona korporativ axborot portali ma‘lumotlariga ko‘ra, xorijiy investitsiya firmalari vakillari O‘zbekistondagi yana ikkita davlat korxonasining kuzatuv kengashlari tarkibiga kiritilgan.

5-mart kuni O‘zbekgidroenergo aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida kuzatuv kengashini yangilash bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tdi. Bir ovozdan qabul qilingan qaror bilan uning tarkibidan uch nafar davlat xizmatchisi chiqarildi:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirligining Sanoat siyosatini amalga oshirish departamenti direktorining o‘rinbosari Quvonchbek Mustafoyev;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat ishtirokidagi korxonalarni korporativ boshqarish boshqarmasi bosh mutaxassisi Behruz Shukurov;
  • Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev.

Ularning o‘rniga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining o‘rinbosari Alisher Miraliyev, shuningdek, Franklin Templeton katta investitsion menejeri Nikita Kakurin va Amber Hill Capital (AQSH) boshqaruvchi hamkori Martin Bernshteyn tayinlandi.

Ikki hafta o‘tib, 19-mart kuni O‘zbektelekom aksiyadorlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish ishtirokchilari kuzatuv kengashining yangilanishini bir ovozdan ma‘qulladi, natijada organ tarkibidan quyidagilar chiqarildi:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Abdulaziz Haydarov;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligining Soliq-bojxona siyosati va daromadlar prognozi departamenti direktorining o‘rinbosari Umid Hamroyev;
  • UzAssets boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Adamas Ilkyavichyus.

Ularning o‘rniga to‘rt nafar yangi a‘zo saylandi. Bular — Nikita Kakurin va Martin Bernshteyn, shuningdek, Friends of Radnor House (Buyuk Britaniya) vakili Kristi Mayn Grouvs hamda Machinery & Equipment International Trading (Shveysariya) vakili Daniel Zibert.


Fevral oyida Uzbekistan Airways kuzatuv kengashining tarkibi yangilangan edi. Undan Infrasia Capital kompaniyasi rahbari Odilbek Isoqov, transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev va Iqtisodiyot va moliya vazirligi departamenti rahbari Zafar Ostonov chiqarildi. Ayni paytda, kengash tarkibiga Franklin Templeton‘ning katta investitsion menejeri Pavel Mxitaryan kiritildi.

25-fevralda Shavkat Mirziyoyev davlat kompaniyalari boshqaruvini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Unga ko‘ra, Franklin Templeton Asset Management vakillari UzNIF aksiyalariga ega bo‘lgan kompaniyalarning kuzatuv kengashlariga kiritiladi. Yil oxirigacha jamg‘arma aksiyalarini ommaviy joylashtirishni (IPO) tashkil etish rejalashtirilmoqda.


Spot, avvalroq, Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori etib tayinlangani haqida yozgandi.