YouTube foydalanuvchilarga muqovalar bilan bog‘liq aldovlardan qochishga yordam beradigan usulni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Social Media Today xabar berdi.

Platforma tavsiya etilgan videolar uchun qisqa prevyularni ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqyapti — bu foydalanuvchi havolani bosishdan oldin real kontentni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Endi foydalanuvchilar sun’iy intellekt orqali yaratilgan, haddan tashqari bo‘rttirilgan va g‘alati yuz ifodalari tushirilgan tasvirlarga tayanish o‘rniga, videoning asl mazmuni haqida oldindan tasavvurga ega bo‘lishlari mumkin.

“Biz yangi „Videoni dastlabki ko‘rish orqali topish“ funksiyasini sinovdan o‘tkazmoqdamiz. Bosh sahifadagi video kartasini bosganingizda, sizga avvaldan tavsiya qilingan videolarning 5−10 ta qisqa va qiziqarli lavhalaridan parchalar ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng siz videoni to‘liq tomosha qilishingiz, uni „Keyinroq ko‘rish“ ro‘yxatiga qo‘shishingiz va boshqa amallarni bajarishingiz mumkin”, — deyiladi YouTube’ning 19-martdagi qo‘llab-quvvatlash xizmati yangilanishida izohida.

Tizim bo‘lajak tomoshabinlarga nimani kutishlari haqida ko‘proq tasavvur berish uchun eng qiziqarli lahzalar jamlanmasini tanlab, ularga namoyish etadi. Bu o‘zgarish, shuningdek, tomoshabinlarga haddan tashqari batafsil eskizlarga chalg‘imaslikka yordam berishi mumkin.

Bu tomoshalar sonini oshirish uchun muqova rasmiga tayanadigan ijodkorlar uchun yomon yangilik bo‘lishi mumkin.

Misol uchun, YouTube yulduzi MrBeast muqova uchun rasmlarni optimallashtirish bilan shug‘ullanadigan jamoasi borligini, har bir video uchun 20 tagacha rasm yaratishini va eng yaxshi variantni aniqlash uchun bir qator tajribalar o‘tkazishini aytdi.

muqova, sinov, video, youtube

MrBeast kanali muallifi Jimmi Donaldsonning hisoblashicha, u shunday usulda yaratilgan har bir muqova uchun taxminan $10 000 to‘laydi.

Ayrim kontent mualliflari bunga haddan tashqari ko‘p e’tibor qaratishini hisobga olinsa, YouTubening kontent tanlashga bo‘lgan yondashuvini o‘zgartirishi ijodkorlarga qimmatga tushishi va ularning ish uslublarini jiddiy qayta ko‘rib chiqishga majbur qilishi mumkin.

Biroq tomoshabinlar uchun bu mos kontentni topishning va YouTube tizimi belgilagan muhim daqiqalarni aniqlashning yanada qulayroq usuliga aylanishi mumkin.

YouTube vakillarining ta’kidlashicha, bu hozircha kichik tajriba bo‘lib, eng sara lavhalar faqatgina Android mobil ilovasi foydalanuvchilarining oz qismigagina taqdim etilgan.


Avvalroq Spot YouTube’ning reklama daromadi 2025-yilda $40,4 mlrdga yetgani haqida yozgandi.

Ko‘rsatkich ilk bor Disney, NBC, Paramount va Warner Bros kompaniyalarining umumiy reklama daromadidan oshib ketdi.