Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yilning fevralidagi yig‘ilishlarida 43 ta masalani ko‘rib chiqdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Asosan ro‘yxatga olish va ruxsat berish masalalari, banklar hamda kredit tashkilotlarining moliyaviy holati, prudensial me’yorlar va Markaziy bank ko‘rsatmalariga rioya etilishi hamda inspeksiya tekshiruvlari natijalari ko‘rib chiqildi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bank va to‘lov tashkilotlarida kiberxavfsizlik talablari hamda “tartibga solish qumdoni” doirasidagi sinov jarayonlari muhokama qilindi.

Aniqlangan kamchiliklar natijasida regulyator tomonidan 11 ta bankga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Shuningdek, 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, 8 ta bankga nisbatan moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash orqali foydani taqsimlamaslik talabi belgilandi va makroprudensial buferlarni shakllantirish topshirildi.

Yanvar oyida Markaziy bank yanvarda 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortib, 4 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan qatʼiy choralar qo‘llanilishi bo‘yicha ogohlantirish bergandi.


Avvalroq Spot Markaziy bank bank kartalari soniga qo‘yilgan cheklovni uzaytirgani haqida yozgandi.