Avvalroq prezident 25-mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda Enterprise Uzbekistan brendi ostida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish va rivojlantirish ko‘rib chiqildi.

Taqdimotda mazkur markaz uchun 2100-yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgani maʼlum qilindi.

Markazda tartibga solish “qumdoni” doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valyutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir maʼlumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi.

Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi, bojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi.

Sunʼiy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda maʼlumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda.

Taqdimotda 2030-yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish va $5 mlrdlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangani aytildi.

Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgani qayd etildi.

Enterprise Uzbekistan

Prezident 2025-yilning noyabrida Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida farmonni imzolagandi.

Markaz ishtirokchilari quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin:

  • dasturiy taʼminotni ishlab chiqish;
  • raqamli texnologiyalar sohasida konsalting va autstaffing xizmatlari;
  • texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy xizmatlar, shu jumladan biznes-autsorsing (BPO);
  • video o‘yinlarni (GameDev) ishlab chiqish va ular uchun o‘yin kontentini yaratish;
  • grafik, video va audio kontentni yaratish va tahrirlash;
  • sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va rivojlantirish;
  • maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash, bulutli tizimlar;
  • IT sohasida taʼlim.

Spot, avvalroq, Toshkentda alohida huquqiy rejimga ega xalqaro moliya markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.