Shavkat Mirziyoyevga 25-mart kuni neft-gaz tarmog‘ida qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish va yangi zaxiralarni o‘zlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekneftgaz tizimida tabiiy gaz qazib chiqarish dinamikasi, mavjud pasayish omillari hamda ularni qoplash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berildi.
Joriy yilning birinchi choragida yangi quduqlarni ishga tushirish, mavjudlarini taʼmirlash va texnologik tadbirlarni amalga oshirish hisobiga qo‘shimcha hajmlar taʼminlangani, yil davomida esa bu boradagi ishlar yana-da kengaytirilishi rejalashtirilgani qayd etildi.
Quduqlar samaradorligini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirda yangi 2D va 3D seysmik tadqiqotlar uchun istiqbolli maydonlar aniqlanmoqda.
Burg‘ilash va dala ishlari ustidan xalqaro standartlar asosida nazoratni kuchaytirish maqsadida supervayzing tizimini yo‘lga qo‘yish, geologik-gidrodinamik modellashtirish va qazib chiqarish dasturlarini yana-da puxta shakllantirish bo‘yicha choralar belgilangan.


Konlarda gaz qazib olish koeffitsientini oshirish, qiyin o‘zlashtiriladigan zaxiralarga yangi yondashuvlarni tatbiq etish, 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan dasturlarning iqtisodiy samaradorligini baholash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda tegishli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari tarmoqda ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlarini tizimli tashkil etish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan amaliy natija beradigan sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga belgilangan rejalar ijrosini qattiq nazoratga olish va har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq natijadorlikni taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Spot, avvalroq, Jahon banki O‘zbekistonga gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun $10,6 mln grant ajratishi haqida yozgandi.

