Avvalroq Spot Markaziy bank noqonuniy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar loyihasini ishlab chiqqani haqida yozgandi. Fuqarolarga $500 lik valyutani hujjatsiz sotib olishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Hujjat, shuningdek, pul o‘tkazmalari va boshqa bank operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Markaziy bank loyihaga tushuntirish xatida tashabbuslarni Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy chora-tadbirlarni ishlab chiqish guruhi (FATF) tavsiyalari bilan izohlaydi.
Shunday qilib, tranzaksiya to‘g‘risidagi xabarga ilova qilinishi kerak bo‘lgan jo‘natuvchilar va qabul qiluvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxati aniqlashtirilmoqda:
- jo‘natuvchilar uchun — operatsiya raqami, yashash manzili va tug‘ilgan sanasi (jismoniy shaxslar uchun) yoki STIR (yuridik shaxslar uchun);
- oluvchilar uchun — operatsiya raqami, joylashgan mamlakat yoki shahar, shuningdek STIR (yuridik shaxslar uchun).
Ushbu ma’lumotlar BHMning 25 baravari (10,3 mln so‘m) va undan ortiq miqdordagi barcha ichki to‘lovlar va o‘tkazmalarga ilova qilinishi kerak. Hozirgi tahrirda talab faqat BHMning 30 baravaridan (12,6 mln so‘m) boshlab elektron pul o‘tkazmalari uchun amal qiladi.
Tijorat banklari tovar va xizmatlar uchun barcha to‘lovlarga bank kartalari raqamlarini ilova qilishlari kerak bo‘ladi. So‘rov bo‘yicha karta emitent-banki va sotuvchining xizmat ko‘rsatuvchi banki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishni majburiy qilish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, karta raqami boshqa kredit muassasasi orqali (masalan, xorijiy bankning bankomatida) transchegaraviy naqd pul yechib olish to‘g‘risidagi so‘rovlarga ham ilova qilinishi kerak. Ekvayer bankning so‘roviga ko‘ra, ular 3 ish kuni ichida mijoz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuborishlari kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, bitta moliya muassasasi nomiga bir nechta to‘lovni o‘z ichiga olgan tranzaksiya — ya’ni, paketli o‘tkazma tushunchasi joriy etilmoqda. U bir yoki bir nechta oluvchiga mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.
Paketli o‘tkazma holatida banklar har bir to‘lovga jo‘natuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, agar ular o‘tkazmaning o‘zida mavjud bo‘lsa, ilova qilishlari shart emas.
Bunda paketli o‘tkazma noyob hisob raqami yoki operatsiyani, shuningdek, oluvchi haqidagi to‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Loyiha bo‘yicha izohlar Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida 4-aprelgacha qabul qilinadi.
Avvalroq Markaziy bank fevralda 11 ta bankni jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.